Jinoyat ishlari bo'yicha amaliyotda tez-tez uchrab turadigan, lekin kam gapiriladigan bir holat bor. Bitta ish bo'yicha bir nechta shaxs sudlanadi. Ulardan biri hukm ustidan shikoyat beradi, qolganlari bermaydi. Yuqori instansiya shikoyatni ko'rib, qaysidir modda ortiqcha qo'yilganini yoki kvalifikatsiya noto'g'ri berilganini aniqlaydi va shikoyatchini shu moddadan chiqaradi. Ammo xuddi shu modda bilan, xuddi shu harakat uchun sudlangan sheriklarga nisbatan hukm o'zgarishsiz qoladi.

Natijada bitta hukmning ichida bir-biriga zid ikki huquqiy baho yashay boshlaydi. Sud bir kishi uchun "bu modda ortiqcha" deydi, boshqasi esa xuddi shu modda bo'yicha jazoni o'tashda davom etadi. Bu maqolada shu holatning huquqiy ildizini ko'rib chiqib, uni bartaraf etish bo'yicha takliflarimni bildirmoqchiman.

Avvalo bir narsani aniq aytish kerak: muammo qonun matnida emas. Jinoyat-protsessual kodeksining 483-moddasi (2023-yil 27-sentabrdagi O'RQ-869-son Qonun tahririda) apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari shikoyat yoki protest vajlari bilan cheklanmasligini, ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan shikoyat bermaganlarga nisbatan ham to'liq hajmda tekshirishini belgilaydi.

Oliy sud Plenumining 2024-yil 25-martdagi 7-son qarori ham shu yo'nalishda. Qarorning 20-bandida bir nechta mahkumdan faqat ayrimlari shikoyat bergan taqdirda ham ish barchasiga nisbatan ko'rilishi aytilgan. Cheklov faqat bitta: prokuror protesti yoki jabrlanuvchi shikoyati bo'lmasa, shikoyat bermagan mahkumning ahvolini og'irlashtirish mumkin emas (JPK 494-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).

Yana bir muhim qoida 28-bandda. Hukmni so'zsiz bekor qilishga olib keladigan jiddiy protsessual buzilish aniqlansa, ish kimning shikoyati bo'yicha ko'rilayotganidan qat'i nazar, sud buzilish daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan hukmni bekor qilishi shart.

Demak, qonun chiqaruvchi ham, Oliy sud ham "revizion" tamoyil tarafdori. Shunday ekan, nega amaliyotda sheriklar chetda qolib ketmoqda?

Fikrimcha, javob ikki so'z orasidagi farqda: "tekshiradi" va "qaror qabul qiladi". 483-modda sudni ishni tekshirishga majbur qiladi, lekin tekshiruv natijasida topilgan xato sheriklar foydasiga albatta tuzatilishi kerakligini to'g'ridan-to'g'ri aytmaydi. Sud rasman ishni to'liq ko'rgan bo'ladi, ammo xulosani faqat shikoyatchiga nisbatan rasmiylashtiradi. Formal jihatdan qonun buzilmaganday ko'rinadi.

Buning ustiga, ajrim mazmuniga qo'yiladigan talablar (JPK 497³¹ va 509¹⁰-moddalari) shikoyatdagi har bir vajga javob berishni talab qiladi, lekin shikoyat bermagan sheriklar bo'yicha alohida xulosa yozishni talab qilmaydi. Sukut esa hech qanday nazoratga tushmaydi. Ajrimda sheriklar haqida bir og'iz so'z bo'lmasligi uni bekor qilish uchun asos sifatida ham qonunda nomlanmagan.

Eng qizig'i, Plenum protsessual buzilishlar uchun "shart" so'zini ishlatgan, moddiy huquq xatolari uchun esa ishlatmagan. Holbuki ortiqcha modda yoki noto'g'ri kvalifikatsiya inson taqdiriga protsessual nuqsondan kam ta'sir qilmaydi, ko'pincha undan ham ko'proq ta'sir qiladi.

Amaliy sabablarni ham inkor etib bo'lmaydi. Sheriklar bo'yicha qaror chiqarish jazoni qayta hisoblashni, ularni majlisga jalb qilish masalasini hal etishni talab qiladi. Majburiyat aniq yozilmagan joyda esa sud tabiiy ravishda kamroq ish talab qiladigan yo'lni tanlaydi.

Oqibati aniq. Sherik o'zi alohida kassatsiya yoki taftish shikoyati berishga majbur bo'ladi. Advokati bo'lmasa, mablag'i yetmasa yoki shunchaki bunday imkoniyatdan bexabar bo'lsa, u noqonuniy deb topilishi mumkin bo'lgan jazoni o'tashda davom etadi. Davlat esa bu xatoni allaqachon biladi, chunki uni o'zining yuqori sudi aniqlagan.

Kontinental huquq tizimidagi ko'plab davlatlarda bu masala "shikoyatning yoyiluvchi ta'siri" deb ataladigan institut orqali hal etilgan. Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksining 357-paragrafiga ko'ra, hukm sudlanuvchi foydasiga jinoyat qonunini qo'llashdagi xato sababli bekor qilinsa va bu qism shikoyat bermagan boshqa sudlanuvchilarga ham taalluqli bo'lsa, ularga nisbatan ham go'yo ular shikoyat bergandek qaror chiqariladi. Polsha Jinoyat-protsessual kodeksining 435-moddasi esa apellyatsiya sudini shikoyat bermagan sheriklar foydasiga ham hukmni o'zgartirishga majbur qiladi, agar ular uchun ham xuddi shu asoslar mavjud bo'lsa.

Rossiya JPKning 389.19-moddasi bu borada sudga faqat huquq beradi, majburiyat yuklamaydi. Shu ma'noda bizning 483-modda Rossiyanikidan bir qadam oldinda turibdi, lekin Germaniya va Polsha darajasiga hali yetmagan. Polshadagi "xuddi shu asoslar mavjud bo'lsa" formulasi menga eng muvozanatli yechim bo'lib ko'rinadi: u sudga sheriklarning roli va holati turlicha bo'lgan vaziyatlarni farqlash imkonini qoldiradi.

Takliflar

Birinchidan, JPK 483-moddasini quyidagi mazmundagi qism bilan to'ldirish maqsadga muvofiq:

Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi bir mahkum (oqlangan shaxs) foydasiga hukmni (ajrimni) bekor qilish yoki o'zgartirish uchun asos aniqlasa va bu asos xuddi shu ish bo'yicha shikoyat bermagan yoki o'ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan boshqa mahkumlarga ham taalluqli bo'lsa, sud ularga nisbatan ham tegishli qaror qabul qilishi shart. Bunday qaror ushbu mahkumlarning ahvolini og'irlashtirishi mumkin emas.

Ikkinchidan, JPK 497³¹ va 509¹⁰-moddalarida ajrim mazmuniga qo'shimcha talab belgilash kerak:

Ish bo'yicha bir nechta mahkum bo'lsa, ajrimda shikoyat bermagan har bir mahkumga nisbatan hukmning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi to'g'risidagi xulosa, ularga nisbatan hukmni o'zgartirish uchun asos topilmagan taqdirda esa buning sabablari ko'rsatiladi.

Uchinchidan, ushbu talabning bajarilmasligi ajrimni o'zgartirish yoki bekor qilish asosi sifatida qonunda aniq ko'rsatilishi, shikoyat bermagan sherikka esa aynan shu asos bilan taftish shikoyati berish imkoniyati kafolatlanishi lozim.

To'rtinchidan, shikoyat bermagan sheriklar va ularning himoyachilari yuqori instansiyadagi sud majlisi haqida xabardor qilinishi kerak. Ishi ko'rilayotgan shaxs o'z fikrini bildirish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim.

Beshinchidan, qonunga o'zgartish kiritilgunga qadar ham masalani hal qilish mumkin. Plenumning 7-son qarori 20-bandiga 28-banddagi "shart" formulasini moddiy huquq xatolariga ham tatbiq etuvchi tushuntirish kiritilsa, ortiqcha kvalifikatsiya yoki isbotlanmagan belgi aniqlangan barcha holatlarda sud uni barcha sheriklarga nisbatan tuzatishga majbur bo'ladi. Bundan tashqari, viloyat sudlari yarim yillik amaliyotni umumlashtirishda (Plenum qarorining 39-bandi) bunday ishlarni alohida hisobga olib borishi foydali bo'lar edi.

Aytish mumkinki, shikoyat bermagan shaxs hukmga rozi bo'lgan va uning irodasiga aralashmaslik kerak. Lekin gap faqat ahvolni yaxshilash haqida bormoqda. Ortiqcha moddadan ozod qilinishga hech kim qarshi bo'lmaydi. Qolaversa, shikoyat bermaslik ko'p hollarda rozilik emas, balki imkoniyat yo'qligining natijasi.

Sheriklarning roli har xil bo'lishi mumkin, degan e'tiroz ham o'rinli. Shuning uchun norma faqat xuddi shu asos ularga ham taalluqli bo'lgan holatda ishlaydi. Agar farq bo'lsa, sud uni ajrimda asoslab ko'rsatadi. Bu hozirgi sukutdan ancha yaxshi.

Sudlarning ish hajmi oshishi haqidagi xavotirga kelsak, ish materiallari allaqachon sud oldida turibdi. Muqobil yo'l esa har bir sherik uchun alohida kassatsiya yoki taftish ishi ochish. Bu tizimga bir necha barobar qimmatga tushadi.

Nihoyat, "qonun allaqachon to'liq tekshirishni talab qiladi, yangi normaga hojat yo'q" degan fikr ham bildirilishi mumkin. Amaliyot buning aksini ko'rsatmoqda. Plenumning o'zi protsessual buzilishlar uchun "shart" so'zini alohida yozishga majbur bo'lgani ham "tekshiradi" so'zi yetarli emasligining isboti.

Adolatli hukm faqat shikoyat yozishga qurbi yetganlar uchun emas. Agar yuqori sud bir kishining ayblovida xato topgan bo'lsa, xuddi shu xato bilan sudlangan boshqa insonlarni ham o'z holiga tashlab qo'yishga haqqi yo'q. Bitta hukmda ikki xil haqiqat bo'lishi mumkin emas. Taklif etilayotgan o'zgarishlar sud tizimiga ortiqcha yuk qo'shmaydi, aksincha, takroriy shikoyatlarni kamaytiradi va qonun oldida tenglik tamoyilini qog'ozdan amaliyotga ko'chiradi.