Huquq tizimining barqarorligi va adolatliligi uning mantiqiy zanjiriga bog'liq. Amaliyotda huquqni qo'llashdagi tizimli tahlilning yetishmasligi oqibatida bitta huquqbuzarlik, aniqrog'i bitta obyekt ustida qilingan harakat uchun tadbirkordan ikki marta jarima yoxud tovon undirish kabi absurd holatlarga duch kelmoqdamiz.
Hududiy iqtisodiy sudlardan biri tadbirkorlik subyektidan davlat foydasiga 119 million so'mdan ortiq "nobudgarchilik" mablag'ini undirish bo'yicha hal qiluv qarori chiqargan. Sud o'z qaroriga qonunchilikdagi tegishli hujjatni (Prezident qarorini) asos qilib keltirgan. Biroq, ushbu yer maydonining qishloq xo'jaligi muomalasidan chiqqanligi uchun davlatga yetkazilgan zarar tadbirkor tomonidan avvalroq jinoyat ishi doirasida to'liq qoplab bo'lingan edi. Jinoyat ishlari bo'yicha sudning hukmi bilan jamiyat rahbari davlatga yetkazgan 370 million so'mdan ziyod zararni to'lagan va bu mablag' davlat foydasiga o'tkazilgan.
Bu yerdagi eng katta paradoks shundaki, ikkala holatda ham — jinoyat doirasidagi zarar ham, iqtisodiy suddagi nobudgarchilik da'vosi ham — aynan bitta huquqiy hujjat va bitta formula asosida hisoblangan.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko'ra, qishloq xo'jaligi nobudgarchiligi quyidagi formula asosida hisoblanadi: Nq/xm = {[(Csugʻ. x Bb x Ssugʻ. x 10) + (Clal. x Slal. x 20) + (Csugʻ. x Bb x Sb.sugʻ. x 10 x 0,1) + (Clal. x Sb.lal. x 20 x 0,1) + (Cp.Y. x Sp.Y. x 20)] x Ki} + SF.
Oʻzboshimchalik bilan yerlarning qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʻlgan hollarda yetkazilgan zarar miqdori esa deyarli huddi shu formula bilan hisoblanadi: Ez/m = {[(Csugʻ. x Bb x Ssugʻ. x 10) + (Clal. x Slal. x 20) + (Csugʻ. x Bb x Sb.sugʻ. x 10 x 0,1) + (Clal. x Sb.lal. x 20 x 0,1) + (Cp.Y. x Sp.Y. x 20)] x Ki}.
Ikkala formuladagi yagona farq — bu oxiridagi "SF" (sof foyda) bo'lib, e'tiroz etilayotgan holatda yerdan qishloq xo'jaligi maqsadida foydalanilmagani uchun bu ko'rsatkich nolga teng. Jinoyat ishi doirasidagi qariyb 370,3 million so'mlik zarar bevosita ushbu qarordagi Ez/m = (Csug' x Bb x Ssug' x 10) x Ki qisqartirilgan formulasi asosida (0,3085 ga x 77 ball x 761,6 x 10 x 2,047 koeffitsiyent) hisoblab chiqilgan. Ya'ni, atamalar qanday nomlanishidan qat'i nazar, MChJ yerning nobudgarchiligi uchun kompensatsiyani yuz foiz, hatto ortig'i bilan to'lab bo'lgan.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 73-moddasiga ko'ra, jinoyat ishlari bo'yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi iqtisodiy sud uchun majburiydir. Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 249-moddasiga asosan pul summasini sudning depozitiga qo'yish majburiyatni bajarish hisoblanadi va 341-moddaga ko'ra majburiyat uning lozim darajada bajarilishi bilan bekor bo'ladi.Biroq, iqtisodiy sud qonunchilikning ushbu imperativ normalarini va mantiqni chetlab o'tib, g'alati xulosaga kelgan.
Sudning vajiga ko'ra, oldingi 370,3 million so'm "rahbarning jinoyati oqibatida davlatga yetkazilgan zarar" deb baholangan hamda 119 million so'm undirishga asos bo'lgan 24.07.2025-yildagi PQ-229 sonli qaror jinoyat sudi hukmidan keyin, ya'ni 2025-yilda qabul qilingan. Shuning uchun tadbirkor yana to'lashi kerak emish.
Huquqni tor doirada, faqat quruq nomlanishiga qarab talqin qilish tizimli xatodir. Bir obyekt bo'yicha yetkazilgan bir xil zarar yuzasidan ikki marta tovon undirilishi mutanosiblik va adolat kabi huquqning fundamental prinsiplariga tamomila ziddir. Qonunchilik hujjatlarida ko'zda tutilgan maqsad – ilgari nobudgarchilik to'lovini to'lamagan shaxslardan kompensatsiya undirish orqali munosabatlarni qonuniylashtirish va yer toifasini o'zgartirish hisoblanadi.
Qonun va qarorlar mulkdorni yoxud tadbirkorni asossiz jazolash uchun emas, balki huquqlarni muvozanatda saqlash uchun xizmat qilishi kerak. Obyektiv fakt shuki, tadbirkorlik subyekti yer uchun nobudgarchilik tovonini to'lagan va qonun oldidagi moddiy majburiyat to'la bekor bo'lgan.

