Eronning barqarorligini tushunish uchun avvalo makon cheklovlarini yengib o‘tish haqidagi globallashuv illyuziyalarini rad etuvchi geosiyosatning fundamental qonuniyatlariga murojaat qilish kerak. Robert Kaplan o‘zining “Geografiya qasosi” asarida fizik geografiyani, ya`ni tog‘lar, cho‘llar, daryolar va iqlimni, davlatlar taqdirini, ularning madaniyati va tashqi siyosatini belgilovchi asosiy omil deb biladi. Geografiya mutlaq taqdir emas, lekin u siyosiy va harbiy jihatdan nimalarga erishish mumkinligining qat’iy chegaralarini belgilab beradi.
Eron ana shu qonuniyatning eng yorqin misoli bo‘lgani uchun ham Kaplan uni “Eron o‘qi” (The Iranian Pivot) deb ataydi. Geografiyasi tabiiy to‘siqlardan mahrum bo‘lgan va shu bois xavfsizlik uchun ekspansiyaga majbur tekislik davlatlaridan, masalan, Rossiyadan farqli o‘laroq, Eron Zagros va Elburs kabi ulkan tog‘ tizmalari bilan himoyalangan. Bu tog‘lar tarixan tashqi bosqinlar va assimilyatsiyadan asragan konservativ kuch bo‘lib xizmat qilgan. Bunga qo‘shimcha yana bir ustunlik bor, chunki Eron Yevrosiyoning ikkita asosiy energetika havzasiga — shimolda Kaspiy dengizi va janubda Fors ko‘rfaziga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega yagona davlatdir.
Makrogeosiyosat nuqtayi nazaridan esa Eronning joylashuvini Nikolas Spaykmanning nazariyasi mukammal tavsiflaydi. Xelford Makkinderning Hartlend konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqqan Spaykman jahon hukmronligi kaliti qit’a ichkarisida emas, balki Yevrosiyoning aholi gavjum va iqtisodiy jihatdan dinamik qirg‘oq yoyida, ya’ni Rimland hududida ekanligini ta’kidlagan.
Uchta klassik konsepsiyani bugungi Eronga tatbiq etsak, manzara quyidagicha bo‘ladi.
Makkinderning Hartlend nazariyasi, ya’ni Rossiya va Markaziy Osiyo ustidan nazorat global hukmronlikni ta’minlaydi deb hisoblaydi. Bu mantiqda Eron quruqlikdagi ko‘prik hamda Hartlendning iliq dengizlarga chiqishini to‘sib qo‘yuvchi yoki, aksincha, unga ruxsat beruvchi tabiiy to‘siq vazifasini bajaradi.
Spaykmanning Rimland nazariyasi kim Rimlandni nazorat qilsa, o‘sha Yevrosiyoni boshqaradi degan xulosaga keladi, chunki qirg‘oq hududlari dengiz va quruqlik davlatlari o‘rtasidagi muvozanatni belgilaydi. Yaqin Sharq esa Rimlandning eng muhim sektorlaridan biri. Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilib va O‘rta yer dengizigacha cho‘zilgan proksi-tarmoqqa ega bo‘lgan Eron shu tariqa dengiz davlati bo‘lmish AQShning harakat erkinligini cheklaydi.
Kaplanning “geografiya qasosi” tezisiga ko‘ra relyef, topografiya va iqlim xavfsizlik parametrlarini aytib turadi, sun’iy chegaralar esa muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Eron tog‘lari rejimning va raketa infratuzilmasining havo hujumlaridan jismoniy omon qolishini ta’minlaydi hamda quruqlikdan bostirib kirishni deyarli imkonsiz qiladi.
Spaykman Rimlandni bufer zonasi deb ta’riflagan, chunki u quruqlikdagi davlatlardan ham, dengiz davlatlaridan ham bir vaqtda himoyalanishga majbur. Eron o‘z xavfsizligini aynan shu paradigmada ko‘radi. Fors ko‘rfazida AQShning dengiz qudrati va murakkab quruqlik qo‘shnilari bilan o‘ralgan Tehron o‘z topografiyasidan qalqon, strategik chuqurligidan esa qilich sifatida foydalanadi.
2026-yilgi urush va undan oldingi 2025-yil iyun oyidagi 12 kunlik ziddiyat Eron rahbariyati ichida radikal o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘ldi. AQSh va Isroil rahbariyatning oliy vakillarini yo‘q qilish strategiyasiga tayangan holda tizim qulashini kutgan edi. Darhaqiqat, fevral urushining birinchi kunida oliy rahbar oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi misli ko‘rilmagan zarba bo‘ldi. Biroq davlat parchalanish o‘rniga yangi avlod siyosiy va harbiy boshqaruvchilariga eshiklarni ochib berdi.
Vorislik hayratlanarli darajada tartibli kechdi va Xubragon majlisi marhumning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiyni yangi oliy rahbar etib tayinladi. U Islom inqilobi posbonlari korpusidagi (IIPK) tajribasiga va Eron–Iroq urushidagi ishtirokiga tayanib, yangi elita uchun birlashtiruvchi figuraga aylandi.
Ayni shu o‘rinda bir muhim nuqtani ta’kidlash kerak. G‘arb kuzatuvchilari e’tiborni bir hovuch yuqori figuraga qaratmoqda — Mujtabo Xomanaiy, parlament spikeri Muhammad Boqir Qolibof va IIPK qo‘mondoni Ahmad Vohidiyga. Aslida esa hal qiluvchi o‘zgarish ulardan quyi bo‘g‘inda, 1979-yilgi inqilobdan keyin voyaga yetgan yangi avlod IIPK qo‘mondonlari va fuqarolik xavfsizlik amaldorlari qatlamida sodir bo‘ldi. Bugun aynan shular asosiy qarorlarni qabul qilmoqda va aynan ularning millatchi dunyoqarashi Islom Respublikasini qaytadan ta’riflamoqda.
Bu avlodlar almashinuvi Eronning strategiyasi uchun ulkan oqibatlarga olib keldi. Uch avlod o‘rtasidagi tafovutni quyidagicha jamlash mumkin.
Birinchi avlod — asoschilar. Ularning qarashlari Pahlaviy rejimiga qarshi muxolifat, qamoqxonalar va surgun tajribasida, 1979-yilda monarxiyani ag‘darish jarayonida shakllangan. Ruhulloh Xumayniy va Ali Xomanaiy boshchiligidagi bu avlodga mafkuraviy qat’iylik, inqilob kuchiga doimiy ishonchsizlik va o‘z qonuniyligini isbotlash zarurati xos edi. Natijada mafkurani himoya qilish milliy manfaatlar bilan aralashib ketdi.
Ikkinchi avlod — hozirgi rahbariyat. Ularning o‘smirlik va yoshlik yillari Eron–Iroq urushiga to‘g‘ri keldi. Shu bois bu avlodga pragmatizm va janglarda toblangan millatchilik xos, inqilobiy romantika esa unda yo‘q. Ular inqilob bilan davlat boshqaruvini bir-biridan ajratdi va asosiy e’tiborni milliy mudofaa, strategik sabr-toqat hamda davlatning omon qolishiga qaratdi.
Uchinchi avlod — ofitserlar korpusi va byurokratiya. Ular faqat inqilobdan keyingi Eronda ulg‘aygani, hokimiyatning tayyor institutlari ichida ishlab kelgani uchun ularda texnokratik madaniyat, ma’muriy ishonch kuchli. Ular davlatga samarali boshqarilishi kerak bo‘lgan apparat sifatida qaraydi va muammolarni tashkiliy tartib-intizom orqali hal qiladi.
Demak, Eronning bugungi rahbariyati inqilobiy idealistlar emas, balki mamlakat imkoniyatlari va zaif tomonlarini hushyor baholaydigan pragmatik, toblangan millatchilardir. Ular ikki urush oralig‘idagi davrda, ya’ni 2025-yil iyundan 2026-yil fevraligacha savdo, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha ijro qarorlarini Tehrondan viloyat markazlariga markazsizlashtirdi.
AQSh va Isroil strateglari havo va kosmosdagi yuksak texnologik ustunlikka tayanishdi. Eron harbiylari esa o‘zlarining geografik voqeligidan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib chiqadigan konsepsiyani qo‘lladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri simmetrik qarama-qarshilik imkonsizligini anglagan Tehron kuchini dushmanning texnologik ustunligini tizimli ravishda yemirishga yo‘naltirdi.
Buning ildizi bir yil oldingi tajribada yotadi. 2025-yil iyun urushida Isroil Eronning yer osti “raketa shaharlari” kirishlarini muvaffaqiyatli to‘sib qo‘ygan va Eronni uzoq sharqiy hududlardan raketa uchirishga majbur qilgan edi. Bundan saboq chiqargan Eron 2026-yil fevralida mobil raketa qurilmalarini tarqatish uchun o‘z hududining ulkan maydonlaridan foydalandi, tog‘dagi raketa bazalari ichiga esa muhandislik brigadalarini kiritdi va ular shikastlangan kirish yo‘llari hamda uskunalarni real vaqt rejimida qayta tikladi. Shu tariqa Zagros va Elburs tog‘lari tabiiy qalqon vazifasini o‘tab, Kaplanning tog‘lar yuqori texnologiyali tahdidlardan himoya qiluvchi konservativ omil bo‘lib qolaveradi degan tezisini isbotladi.
Parallel ravishda IIPK “Shahed” arzon dronlarining yirik to‘dalarini ishga soldi. Asimmetrik urush mantiqiga va 1980-yillarda Iroq bilan urushdagi “inson to‘lqinlari” tajribasiga tayangan bu to‘dalar to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazishni emas, balki butun Fors ko‘rfazi bo‘ylab AQSh va Isroil tutqich raketalari zaxirasini tugatish hamda radar tizimlarini haddan tashqari zo‘riqtirishni maqsad qilgan edi. AQShning radiolokatsion infratuzilmasiga zarba berish orqali Eron dushman sensorlari qayd etadigan va qo‘mondonlik talqin qiladigan ma’lumotlar o‘rtasida “ko‘r zonalar” yaratdi. Bu esa qimmatli nishonlarga yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarba berish uchun yo‘laklarni ochib, AQShning 16 ta harbiy bazasiga og‘ir talafot yetkazdi va ularning ayrimlarini yaroqsiz holga keltirdi.
Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat Eronning majburlash strategiyasida markaziy o‘rin egallab, Spaykmanning Rimland kommunikatsiyalarini nazorat qilish o‘ta muhimligi haqidagi ta’limotini yaqqol tasdiqladi. Donald Tramp dengiz qamalini Eron iqtisodiyotini vayron qiladigan “kumush o‘q” deb bilgan bir paytda, u Eronning geografiyadan qurol sifatida foydalanish qobiliyatini yetarli baholamadi.
Vaholanki, o‘nlab yillar davomida Eronning harbiy doktrinasi Fors ko‘rfazining yopiq hududida asimmetrik dengiz urushiga qurilgan edi. Bo‘g‘ozni yopish uchun Eronga an’anaviy harbiy flot kerak bo‘lmadi. Tezyurar katerlarning “chivin floti”, minalashtirish tahdidi va qirg‘oq dronlaridan foydalangan Tehron ushbu o‘ta muhim iqtisodiy tugun ustidan amaliy nazorat o‘rnatdi.
Bu qadam AQSh bilan uning Fors ko‘rfazidagi arab ittifoqchilari o‘rtasida ishonch inqirozini keltirib chiqardi, chunki amerika qo‘shinlari Ko‘rfaz davlatlarining infratuzilmasini bilvosita zararlardan himoya qila olmadi. Natijada Eron yangi geosiyosiy reallikni o‘rnatdi va Hurmuz bo‘g‘ozi endi barcha tomonlar uchun Amerika gegemonligi bilan kafolatlangan ochiq dengiz yo‘li emas, balki Eronning strategik aktivi sifatida qabul qilinadi.
“Sanksiyalarni bekor qilish endi biz uchun muhim emas, chunki u baribir sodir bo‘lmasligini bilamiz... Endi asosiysi — Hurmuzni boshqarish”, deydi eronlik tahlilchilardan biri. Eron rahbariyati yuzaga kelgan boshi berk ko‘chani aynan yangi kuchlar muvozanati deb biladi. Shu bois u urushni faqat AQSh dengiz qamalini bekor qilgandagina to‘liq yakunlashga tayyor va ayni paytda kemalar tranziti uchun haq undirishni rejalashtirib, geografik ustunlikni doimiy iqtisodiy dividendga aylantirmoqchi.
Shu bilan birga bu yutuqlar bepul kelmagani ham e’tirofga loyiq. Urush davomida Eronning Livandagi ittifoqchisi Hizbulloh jiddiy kuchsizlandi, undan avval esa Bashor Asad rejimi qulashi bilan Suriya strategik yo‘lak sifatida qo‘ldan boy berilgan edi. Tehron Hurmuz ustidan qo‘lga kiritgan dastakni ana shu yo‘qotishlarni qoplovchi omil sifatida ko‘radi.
Geosiyosiy zarbalar muqarrar ravishda davlatning ichki tuzilmasini ham o‘zgartiradi. 2026-yil yanvar oyida ommaviy namoyishlar va qatnashchilar ustidan uyushtirilgan qattiq qatag‘ondan so‘ng Eron jamiyati umidsiz parchalangandek, rejim esa o‘z xalqidan ajratib qo‘yilgandek tuyulardi, chunki AQSh sanksiyalari tufayli iqtisodiy bo‘g‘ilish o‘ta norozilikni keltirib chiqargan edi. Biroq keng ko‘lamli bombardimonlarning boshlanishi va mamlakatni bo‘lib yuborish tahdidlari siyosiy landshaftni tubdan o‘zgartirdi.
Bloomberg tahliliga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvigacha Tehronda zarba berilgan nishonlarning uchdan ikki qismi turar-joy, savdo va boshqa fuqarolik obyektlari bo‘lgan. Trampning Eron sivilizatsiyasini yo‘q qilish, chegaralarni qayta chizish va separatistlarni qurollantirish haqidagi ritorikasi jo‘rligida infratuzilma, kasalxonalar va butun boshli mahallalarning vayron etilishi har qanday siyosiy tafovutni yuzaga chiqarish o‘rniga kuchli millatchilik reaksiyasini qo‘zg‘atdi. Eronliklar ongida bu hujumlar Makedoniyalik Aleksandrning miloddan avvalgi IV asrdagi istilolari, VII asrdagi arablar bosqini va XIII asrdagi mo‘g‘ullar bosqini bilan bir tarixiy qatorga turdi.
Vashingtonning hisob-kitoblariga zid o‘laroq, urush xalq qo‘zg‘olonini keltirib chiqarmadi. Aksincha, jamiyat davlatga qarshi emas, u bilan birga safarbar bo‘ldi. Odamlar elektr stansiyalari va ko‘priklar atrofida tirik zanjir hosil qilib, har kuni mitinglar o‘tkazdi, Eron qurolli kuchlari esa to‘satdan xalq ko‘z o‘ngida zolimdan millat himoyachisiga aylandi. Faylasuf va dissident Muhammad Mahdi Ardabiliy urushning beshinchi haftasida bu o‘zgarishni shunday ifodalagan — “Hozirgi vaqtda Islom Respublikasi va Eron bir butunlikdir. Agar Islom Respublikasi qulasa, Eron ham qulaydi”.
Ushbu noyob, ammo ehtimol o‘tkinchi lahzani anglagan Eronning yangi texnokratik rahbariyati ijtimoiy shartnomani qayta yozishga kirishdi. Endi davlatning qonuniyligi islomiy mafkuraga emas, vatanni himoya qilish va infratuzilmani tiklash qobiliyatiga asoslanadi. Bu qayta yozilishning uch qirrasi ayniqsa yaqqol ko‘rinadi.
Mafkuraviy qayta qurish. Davlat ommaviy axborot vositalari hijobsiz ayollarning hijobli ayollar bilan yelkama-yelka turgani tasvirlarini odatiy holga keltirib, Eron o‘zligini eksklyuziv diniy emas, balki madaniy hodisa sifatida ko‘rsatmoqda.
Simvolizm. Mitinglardagi dominant siyosiy ramz diniy atributlar emas, mamlakat xaritasi, ya’ni hududiy yaxlitlik ramzi bo‘lib qoldi. Siyosiy sadoqat mezoni ham “Siz yetarlicha islomiymisiz?” degan savoldan “Siz yetarlicha eronlikmisiz?” degan savolga o‘zgardi.
Texnokratik samaradorlik. Bombardimon va qamalga qaramay mamlakatda oziq-ovqat va yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelmagani jamiyatni hayratda qoldirdi. Urush davrida fuqarolik logistikasini samarali boshqarish IIPKning texnokratik imkoniyatlariga ishonchni mustahkamladi.
Qiyosiy nuqtayi nazardan yangi Islom Respublikasi borgan sari harbiylar boshqaradigan XX asr avtoritar millatchi davlatlarini, ya’ni keyingi kemalistlar davridagi Turkiya yoki Jamol Abdunosir davridagi Misrni eslatmoqda. Bunday tuzumda mafkura saqlanib qoladi, lekin u butunlay davlat manfaatlari va milliy jipslikka bo‘ysundiriladi.
Urushdan oldin mamlakat ichidagi ko‘plab eronliklar “Qarshilik o‘qi”ga, ya’ni mintaqadagi ittifoqchilar va proksi kuchlar tarmog‘iga shubha bilan qarab, uni milliy iqtisodiyotga zarar yetkazadigan mafkuraviy xayriya deb hisoblardi. Biroq 2026-yilgi urush bu tuzilmaning Eron omon qolishi uchun o‘ta muhimligini isbotladi.
Eron harbiy nazariyotchilari G‘azodagi urushdan saboq chiqargan edi, chunki o‘shanda Isroilga “O‘q” elementlarini birin-ketin yo‘q qilishga imkon berilgandi. Shu sababli 2026-yil fevralidagi zarbalarga javoban Eron bir vaqtning o‘zida Livandagi Hizbulloh va Iroqdagi shia jangarilarini harakatga keltirib, “ko‘p frontli doktrina”ni amalga oshirdi. Bu Isroil uchun Livanda ikkinchi front yaratdi, mojaro geografiyasini butun Yaqin Sharq Rimlandiga yoydi va AQShni kuchlarini sochib yuborishga majbur qildi. Mart oyida esa Iroq jangarilari AQShni Bag‘doddagi yirik Camp Victory bazasini, 2003-yildan beri Amerika ishtirokining ramzi bo‘lgan obyektni tark etishga majbur qildi.
Geosiyosiy nuqtayi nazardan bu tarmoq Spaykman Rimlandning ichki kommunikatsiya liniyalarini nazorat qilish deb atagan funksiyani bajaradi. Eron o‘z proksilaridan mafkuraviy ekspansiya uchun emas, strategik chuqurlik yaratish uchun foydalanadi. Eron tarixan Yevrosiyo chorrahasida joylashgani tufayli bosqinlar nishoni bo‘lib kelganini inobatga olsak, bufer zonalarini ushlab turish Tehronga tahdidni o‘z jismoniy chegaralaridan uzoqlashtirish imkonini beradi. Vashingtonning Erondan so‘zsiz taslim bo‘lishni talab qilishga urinishlari esa eronlik generallarning mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi ularning yangi yutuqlarini hisobga olmasdan mavjud bo‘lolmaydi degan tushunchasiga borib uriladi. Shuning uchun ham Tehron har qanday tinchlik kelishuvi Livanda o‘t ochishni to‘xtatish va qamalni bekor qilishni o‘z ichiga olishini talab qilmoqda.
Xulosa
2026-yilgi urush kontekstida Islom Respublikasining transformatsiyasi klassik geosiyosiy nazariyalar to‘g‘riligini yaqqol namoyish etadi. Marko Rubio va Jey Di Vens kabi amerikalik siyosatchilar Eronning qat’iyligini mafkuraviy turg‘unlik yoki “bo‘lingan mamlakat” belgisi sifatida noto‘g‘ri talqin qilmoqda. Aslida esa Tehronning barqarorligi va yangi ambitsiyalari vaqtga bo‘ysunmaydigan fundamental omillarga asoslangan.
Birinchidan, Eronning fizik geografiyasi o‘zining mudofaa funksiyasini bajardi. Tog‘lar raketa arsenalini himoya qildi, Hurmuz bo‘g‘ozi kabi bo‘g‘iz nuqtasini nazorat qilish esa AQShning dengiz qudratini asimmetrik vositalar bilan yo‘qqa chiqarishga imkon berib, Rimland konsepsiyasi dolzarbligini isbotladi.
Ikkinchidan, ekzistensial tahdid yangi siyosiy elita avlodining yetilishini tezlashtirdi va 1979-yilgi asoschilar avlodiga xos inqilobiy islomizmdan pragmatik, texnokratik millatchilikka tarixiy o‘tish yuz berdi. Eron davlati ijtimoiy shartnomasini diniy aqidalardan milliy o‘zlikni himoya qilish va jismoniy omon qolishga burdi hamda aholining, garchi vaziyatga bog‘liq bo‘lsa-da, misli ko‘rilmagan qo‘llab-quvvatlashiga erishdi.
Manbalar
— Narges Bajoghli, Vali Nasr — Iran’s New Grand Strategy (Foreign Affairs, 2026-yil 3-iyun) https://www.foreignaffairs.com/iran/irans-new-grand-strategy
— Council on Foreign Relations, Global Conflict Tracker https://www.cfr.org/global-conflict-tracker/conflict/confrontation-between-united-states-and-iran
— Britannica, 2026 Iran war https://www.britannica.com/event/2026-Iran-war
— UK House of Commons Library, Israel/US-Iran conflict 2026 https://commonslibrary.parliament.uk/research-briefings/cbp-10521/
— Congressional Research Service, U.S. Conflict with Iran (R48887) https://www.congress.gov/crs-product/R48887
— Robert D. Kaplan, The Revenge of Geography (taqriz) https://www.tandfonline.com/doi/abs/10.1080/00396338.2012.749629
— Kaplan, “The Iranian Pivot” bobi tahlili https://www.bookrags.com/studyguide-the-revenge-of-geography/chapanal012.html
— Nicholas Spykman, Rimland nazariyasi https://en.wikipedia.org/wiki/Rimland
— Spykman’s Rimland Theory and the Modern Middle East https://www.geopolitika.it/eng/spykmans-rimland-theory-and-the-western-struggle-for-control-in-the-modern-middle-east/

