Inson taqdirini belgilashda inson irodasidan boshqa har qanday omilni pisand qilmasligini anglatuvchi: "Vaziyatlar? Vaziyatlarni men yarataman", degan mashhur javob egasi ham oxir-oqibat "Barcha qudratli davlatlarning siyosati ularning geografiyasidadir", deb tan olishga majbur bo'lgan edi. Ammo Qizil dengiz Muso payg'ambar uchun ikkiga yorilgan va quyosh Yusha (Yoshua) uchun itoatkorlik bilan to'xtab turgan mo'jizaviy davrlardan beri inson irodasi ushbu qudratli zotlar namoyish etgan relef va iqlim ustidan nazoratni qayta tiklay olgani yo'q. Shuning uchun ham mitti korsikalik (bu yerda kelib chiqishi Korsika orolidan bo'lgan va bo'yi past bo'lgan Napoleon Bonapart nazarda tutilmoqda. – Tarjimon izohi)ni oxir-oqibat odamlar emas, balki Rossiya geografiyasi mag'lub etdi, deyish ehtimol haqiqatga eng yaqin xulosadir. Agar u hali ham hayot bo'lsa, Vaterlooda bugun ham shunday bir sodiq yo'lboshlovchi borki, u Vellingtonga g'alabani harbiy daholik yoki mahorat emas, balki oddiygina botqoqqa aylangan xandaq taqdim etganini qat'iy ishonch bilan ta'kidlaydi.

Soddalashtirishga moyil siyosatshunosning afsuslanishicha va o‘z mamlakatining geografik nomukammalligini yengib o‘tishga intilayotgan davlat arbobining baxtiga ko‘ra, tashqi siyosat har doim ham geografiya bilan belgilanmaydi, biroq ma’lum ma’noda siyosat butunlay geografiyaga bog‘liqdir. Davlatlar siyosatini belgilovchi omillar ko‘p bo‘lib, ular doimiy va muvaqqat, yaqqol va yashirin bo‘ladi. Bu omillar geografik joylashuv, aholi zichligi, mamlakatning iqtisodiy tuzilishi, uning aholisining etnik tarkibi va boshqaruv shaklidan tashqari, tashqi ishlar vazirlarining komplekslari va sevimli xurofotlarini ham o‘z ichiga oladi. Ularning bir vaqtdagi ta’siri va o‘zaro ta’siri “tashqi siyosat” deb ataladigan murakkab hodisani yuzaga keltiradi.

Jamiyatni tadqiq etuvchi olimning vazifasi – ulkan tarixiy materiallar ummonidan tashqi siyosatning shart-sharoitlarini belgilovchi omillar va uning turlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topishga urinishdir. Bu diplomatiya tarixi tadqiqotini turli turtkilar ta’sirida va o‘zgaruvchan xalqaro muhitda davlatlarning xulq-atvor modellarini izlash bilan to‘ldirish lozimligini anglatadi. Ilmiy metod tadqiqotning abstraksiya orqali olib borilishini talab qilsa-da, sog‘lom aql bunday abstraksiya yordamida topilgan o‘zaro bog‘liqliklarning o‘zi muayyan tarixiy vaziyatlarning faqat qisman, chala izohi bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Davlatlarning tashqi siyosatini belgilab beruvchi ko‘plab omillar ichida Napoleon, shubhasiz, eng muhimini ko‘rsatib bergan. O‘z davrida milliy siyosatning quroli bo‘lgan urush bugungi kunda ham shundayligicha qolmoqda. Turli guruhlar hokimiyat uchun urush orqali kurashayotgan dunyoda esa siyosat oliy strategiyaga aylanadi.

Bunday dunyoda davlatning geografik joylashuvi urush paytida uning o‘z harakatlarini amalga oshiradigan hududiy bazasi hamda tinchlik deb ataluvchi vaqtinchalik sulh davrida egallaydigan strategik mavqeyidir. Bu milliy siyosatning shakllanishini belgilovchi eng muhim omildir, chunki u eng doimiy sanaladi. Vazirlar keladi, vazirlar ketadi, hatto diktatorlar ham vafot etadi, biroq tog‘ tizmalari viqor bilan turaveradi. Holdan toygan armiyasi bilan o‘n uchta shtatni himoya qilgan Jorj Vashingtonning o‘rnini butun bir qit’a resurslariga ega bo‘lgan Franklin Ruzvelt egalladi, ammo Atlantika Yevropani Qo‘shma Shtatlardan umidvorona ajratib turishda davom etmoqda, Avliyo Lavrentiy portlari esa hamon qishki muzliklar bilan to‘silgan. Butunrossiya imperatori Aleksandr I Kommunistik partiyaning oddiy a’zosi Iosif Stalinga nafaqat o‘z qudratini, balki dengizga chiqish uchun to‘xtovsiz kurashni ham vasiyat qilib qoldirdi, Klemenso (Klemenso, Jorj Benjamen (1841–1929) – fransuz siyosiy va davlat arbobi, 1906–1909 va 1917–1920-yillarda Fransiya bosh vaziri. – Tarjimon izohi) esa Sezar va Lyudovik XIV singari Germaniya bilan ochiq chegara borasidagi xavotirni his qilgan.

Mamlakatlarning jug‘rofiy xususiyatlari nisbatan o‘zgarmas ekan, bu davlatlarning jug‘rofiy da’volari ham asrlar davomida o‘zgarishsiz qolaveradi. Dunyo hali bir toifa odamlarning ehtiyojlari boshqalarning manfaatlariga zid kelmaydigan baxtiyor bir holatga yetishmagani bois, bunday da’volar kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishi muqarrar. Shu tariqa, hukumatlar va sulolalar yuksalib-tushib turgan bir davrda tarixda doimo mavjud bo‘lib kelgan ko‘plab uzoq muddatli mojarolar uchun aybni jug‘rofiya zimmasiga yuklash mumkin.

“Xalqlar va davlatlarning bir-biriga qarshi bosh ko‘taradigan holatlari ham bo‘lib turadi. Bunga sabab ularning rivojlanish imkoniyatlari geografik va iqtisodiy jihatdan cheklangan bo‘lib, birining yutug‘i boshqasining kamchiligi evaziga yuzaga kelishi kerak bo‘ladi. Geografik makon va siyosiy vaziyatlar turli davlatlarda ayni bir yo‘nalishda rivojlanish maylini yuzaga keltirsa, ayni bir maqsad, hudud yoki dengizdagi hukmronlik bir necha davlat uchun zaruriy yoxud strategik va iqtisodiy jihatdan muhim omil bo‘lib ko‘rinsa, doim shunday bo‘ladi... Siyosiy tusdagi bunday makoniy munosabatlar siyosat tarixi sahifasidagi ayrim masalalarning hech qachon unutilmasligiga va turli sharoitlarda qayta yuzaga qalqib chiqishiga sabab bo‘ladi”.

Biroq shuni ta’kidlash joizki, geografiya belgilovchi omil sifatida emas, balki ko‘proq shart-sharoit yaratuvchi omil sifatida tavsiflanadi. Bunday ta’rif ataylab tanlangan. U geografik xususiyatlar tashqi siyosatda hal qiluvchi, ya’ni sababiy rol o‘ynashini anglatmaydi. To‘rtinchi simfoniyadan tortib to‘rt o‘lchamli tasvirgacha bo‘lgan barcha narsani geografiya bilan izohlaydigan geografik determinizm siyosatni geografiyani tilga olmay tushuntirish kabi noto‘g‘ri tasavvur beradi (muallif izohiga qarang). Davlatning geografiyasi uning siyosatini amalga oshirish uchun bahonadan ko‘ra ko‘proq xomashyodir. Zero, kiyim oxir-oqibat matoga moslab bichilishi kerakligini tan olish matoning kiyim uslubini yoki uning o‘lchamini oldindan belgilab berishini anglatmaydi. Ammo davlat geografiyasini uning siyosatini shakllantiruvchi shaxslar hisobga olmasligi mumkin emas. Hududiy tuzilishning o‘ziga xos xususiyatlari o‘tmishda siyosatni ishlab chiqishda ularga ta’sir qilgan va kelajakda ham ta’sir qilishda davom etadi.

Muallifdan izoh. Mavjud olmon “geosiyosat” maktabi ma’lum darajada Rattselning qat’iy geografik determinizmidan voz kechdi, biroq bu faqat geografiyani birlamchi sabab deb biluvchi metafizika vasvasasidan qochish uchungina edi. E’tiroflardan ma’lum bo‘lishicha, uning tarafdorlari nafaqat siyosiy hodisalarning geografik shartlanganligini o‘rganadilar, balki siyosatni oqlash bilan ham shug‘ullanadilar, bu esa ilmiy faoliyat deya baholanmaydi. O‘z pozitsiyalarining eng yaxshi bayonini, ehtimol, 1928-yilda “Zeitschrift für Geopolitik” jurnali to‘rt muharriri tomonidan berilgan ta’rifda ko‘rish mumkin: “Geosiyosat – siyosiy jarayonlarning zamin bilan bog‘liqligi haqidagi ta’limotdir. U keng geografik asosga, xususan, fazoviy siyosiy organizmlar va ularning tuzilishini o‘rganishda siyosiy geografiyaga tayanadi... Geosiyosat siyosiy harakatlar va siyosiy hayotda yo‘lboshchilik qilish uchun zarur bilimlarni beradi. Shu tariqa, u davlatning mustahkam zaminda tura olishi uchun zarur bo‘lgan amaliy siyosatni boshqarish san’ati sabog‘idir. Bilimdan mahorat sari bu sakrash qayerda xavfsiz-u qayerda xavfliroq ekani noma’lum bo‘lgandagina ro‘y beradi. Geosiyosat – davlatni geografik anglash istagi va ehtiyojidir”.

Vidal de la Blash asos solgan, Bryun va Vallo, hozirda esa Fevr uning izdoshlari bo‘lgan fransuz maktabida bunday determinizmga “possibilizm” qarshi qo‘yiladi. Bu oqim insonlar tomonidan geografik muhitning o‘zgartirilishi imkoniyati hamda inson taqdirini belgilashda geografik omillar bilan birlashuvchi boshqa ko‘plab unsurlarni ham hisobga oladi: “Imkoniyatlardan foydalanish — haqiqiy va yagona geografik muammodir”, “…Eng mukammal morfologik tip hech qanday muayyan oqibatlarni keltirib chiqarmaydi”.


Biz o‘z yo‘nalishimiz deb belgilayotgan narsa so‘nggi da’vo bilan Ratsel determinizmi o‘rtasidagi bir vositadir. Geografiya taqdirni oldindan belgilab bermaydi, lekin shart-sharoit yaratadi. U nafaqat foydalanish uchun imkoniyatlar ochib beradi, balki ulardan foydalanishni ham taqozo etadi, faqat inson irodasigina uning bu imkoniyatlardan yaxshiroq yoki yomonroq foydalanish yoxud ularni yaxshi yoki yomon tomonga o‘zgartirish qobiliyatini belgilaydi.

Mazkur xususiyatlar tashqi siyosatga ko‘p qirrali ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatning kattaligi uning ustunlik uchun kurashdagi nisbiy qudratiga ta’sir qiladi. Tabiiy resurslar esa aholi zichligi va iqtisodiy tuzilmaga bog‘liq bo‘lib, bularning o‘zi siyosatni shakllantiruvchi omillar hisoblanadi. Ekvator, okeanlar yoki qit’a massivlariga nisbatan joylashuv kuch markazlari, nizo o‘choqlari va shakllangan aloqa yo‘llariga yaqinlikni belgilab bersa, bevosita qo‘shnilarga nisbatan egallangan o‘rin potensial raqiblarga bo‘lgan munosabatni aniqlaydi va shu tariqa hududiy xavfsizlikning asosiy muammolarini oldindan belgilab qo‘yadi.

Biroq, tashqi siyosat omillari sifatida hududning kattaligi va joylashuvining ahamiyatini yer relyefi hamda iqlimning belgilovchi ta’sirini hisobga olmay baholab bo‘lmaydi. Relyef davlatning birligi va ichki yaxlitligiga ta’sir ko‘rsatish orqali uning qudratiga zamin yaratadi. Transport kommunikatsiyalariga ta’sir etadigan va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini cheklaydigan iqlim esa davlatning iqtisodiy tuzilmasini, shu tariqa, bilvosita bo‘lsa-da, shubhasiz, uning tashqi siyosatini ham belgilab beradi.

  1. Davlat hududi kattaligi omili

Mavjud makonda real siyosiy va iqtisodiy integratsiya sharoitida davlatlarning nisbiy kattaligi nisbiy qudratning taxminiy ko‘rsatkichi va mohiyatan tashqi siyosat unsuri hisoblanadi. Garchi u hududning umumiy maydoni kabi mavhum shaklda aniq maqsadlarni keltirib chiqarmasa va tashqi siyosatga mazmun baxsh etmasa-da, baribir boshqa davlatlarning bosimiga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatining ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi hamda milliy siyosat vositasi sifatida urush va diplomatiya o‘rtasidagi tanlovga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Butun tarix davomida, ayniqsa, uning ilk davrlarida qudratli davlatlarning aksariyati yirik davlatlar bo‘lgan. Misr, Bobil, Ossuriya, Fors va Rim – har biri o‘z davrida mavjud bo‘lgan davlat tuzilmalarining eng yiriklari va ayni vaqtda eng qudratlilari edi. To‘g‘ri, muayyan davrlarda dengiz kuchlari sifatida faoliyat yuritgan Afina, Venetsiya va Gollandiya kabi kichik davlatlar dengiz yo‘llari ustidan nazorat o‘rnatish orqali o‘z ta’sirini vaqtincha keng hududlarga yoya olgan, biroq quruqlikdagi kurashda ular odatda yirikroq davlatlarga, dengizdagi kurashda esa kengroq hududni o‘z ichiga olgan mustahkamroq poydevorga ega davlatlarga imkoniyatni boy bergan. Hozirgi zamonga yaqinlashgan sari yirik davlatlar yana buyuk davlatlarga aylandi. Germaniya o‘zining sharqiy chegarasida kengaygan Polshaga va undan naridagi ulkan Rossiyaga xavotir va norozilik bilan qaraydi, Yaponiya esa Yaponiya dengizi ortidan o‘ziga tikilib turgan Xitoy va Rossiya ulkan ko`lamiga xos salohiyat va qudratini namoyon etadigan kelajakdan o‘lim vahimasida yashaydi.

So‘nggi misol shuni ko‘rsatadiki, davlat hududi ko`lami – bu qudratning o‘zi emas, balki salohiyatli qudratdir. U qanchalik ishlov beriladigan yer maydoniga va shunga mos ravishda inson qudratiga teng bo‘lsa, shunchalik qudrat sanaladi va shu sababli o‘tmishda ko‘plab quruqlik davlatlari hududiy kengayish siyosatini olib borgan. Albatta, sanoat inqilobidan buyon qudrat tobora ko‘proq sanoat salohiyati bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Shu tariqa xomashyo resurslari va sanoat korxonalari quruqlik yoki dengiz ustidan hukmronlik o‘rnatishning zarur shartiga aylandi. Biroq hududiy kattalik hamon o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda, ya’ni hudud qanchalik katta bo‘lsa, unda turli xil iqlim sharoitlari va o‘zgaruvchan relyef, binobarin, yanada xilma-xil resurslar va iqtisodiy imkoniyatlar mavjud bo‘lish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.

Mudofaa unsuri sifatida hududiy kattalik, ayniqsa, mamlakatning hayotiy muhim markazlari chegaradan uzoqda joylashgan bo‘lsa, birinchi darajali ahamiyatga ega. Moskvaga yetib borgan Napoleon holdan toygan armiyasini o‘z imperiyasichalik ulkan hududdan o‘tkazib, o‘ziga xotirjamroq boshpana topdi, biroq uning ta’minot qismlari umidsizlarcha ortda qolib ketdi. Oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, kommunistlar mamlakatning hayotiy muhim markazlarini bemalol mustahkamlayotgan bir paytda, rus oq gvardiyachilari va ularning ittifoqchilari Rossiyaning chegara hududlarida antikommunistik yurishlarga behuda kuch sarfladilar. Dushman inson zotiga xos bo‘lgan kuchli va ojiz jihatlarni ochib beradi, inson esa unga o‘zining epchilligi va qat’iyati bilan qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Hudud esa shunchaki mavjud va o‘z mavjudligi tufayli g‘olib chiqadi. Albatta, u faqat mamlakatning hayotiy muhim markazlari chegaradan olisda joylashgandagina o‘z mudofaa vazifasini bajara oladi. Qo‘shma Shtatlar va Kanada o‘rtasidagi urushda Kanadaning ulkan hududlari AQSH hududining kichik qismlariga qaraganda ancha kamroq himoya bo‘la olardi, chunki Kanadaning sanoat markazlari va yirik aholi punktlari uning janubi-sharqiy chegarasida, dushmanga bevosita yaqin joylashgan, Qo‘shma Shtatlarda esa ular chegaradan ancha ichkarida joylashgan.

Odamlar yer yuzida harakatlanish o‘rniga havo bo‘shlig‘ida ucha boshlaganidan beri hudud kattaligi va masofa mudofaa unsuri sifatida yanada katta ahamiyat kasb etdi. Bombardimonchi samolyotlar eskadronining zamonaviy harakat radiusi taxminan sakkiz yuz milni tashkil etadi. Shu sababli Rossiya – hayotiy muhim sanoat va tog‘-kon markazlari dushman aviatsiyasi yetib bora olmaydigan masofada joylashgan Yevropadagi yagona mamlakatdir. Parij Londondan ikki yuz ellik mildan, Rur ("Rur" (Ruhr) – bu bitta aniq shahar emas, balki Germaniya g'arbidagi yirik va strategik jihatdan o'ta muhim sanoat mintaqasi (Rur havzasi) hisoblanadi,- Tarjimon izohi) esa Parijdan uch yuz mildan kamroq masofada joylashgan. Rossiya-Yaponiya mojarosi yuz bergan taqdirda, agar Yaponiya Vladivostokni bombardimon qilsa, Rossiyaning sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kamaymaydi, mamlakat mudofaasining umumiy tizimi esa o‘zgarishsiz qoladi. Bordi-yu, rus bombardimonchi samolyotlari eskadrilyasi Osaka va Kobeni, ya’ni Yaponiyaning ishlab chiqarish, transport va aloqa markazini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lsa, yuzaga keladigan tartibsizlik Yaponiyaning mag‘lubiyatida dengizdagi kichik bir g‘alabadan ko‘ra ancha muhimroq omilga aylanishi ehtimoldan xoli emas.

Davlat hududi hech qachon yagona shartlovchi omil deb hisoblanishi mumkin emas. U texnik, ijtimoiy, ma’naviy va mafkuraviy taraqqiyot, davlat ichidagi harakatlantiruvchi kuchlar, o‘tmishdagi siyosiy vaziyat hamda kishilar fe’l-atvorining xususiyatlari bilan o‘zaro bog‘liqdir. Ammo u, shubhasiz, joy relyefining o‘ziga xosligi bilan ham belgilanadi. Inson tog‘ tizmalari ostidan tunnellar qazishni va chuqur daralar uzra ko‘priklar qurishni o‘rganganidan buyon relyefning davlat hududiga ta’siri, umumiy e’tirofga ko‘ra, kamaydi. Biroq, texnologik yutuqlar yanada takomillashmaguncha, relyefni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.

Tabiat Yunonistonni kichik-kichik xo‘jalik birliklariga bo‘lib yuborgan va shu sababli u yerda mayda siyosiy tuzilmalar rivojlangan. Vodiylar markaz tomonga yo‘nalgan bo‘lsa-da, mamlakatning eng serhosil hududlari dengizga chiqa olgan, ayni paytda quruqlikda yarimorolning qolgan qismidan uzilib qolgan edi. Shu bois, bu yerda g‘oyalar va tovarlar almashinuvi asosan quruqlik orqali emas, balki dengiz yo‘li bilan yuz bergan hamda yunon manzilgohlari bir-biri bilan dushmanlashib kelgan shaharlar tizimiga aylangan. Bugungi kunda ham Bolqon yarimorolida shunday vaziyat hukm suradi: u yerda har bir vodiy yoki tekislikni tog‘ tizmalari ajratib turadi va turli guruhlar o‘ziga xos ijtimoiy, siyosiy va diniy xususiyatlarini saqlab qolgan. Yarimorolda yirik davlat shakllanishi mumkin bo‘lgan tabiiy markaz yo‘q, shu sababli kichik davlatlar o‘rtasidagi raqobat muqarrardir. Pasttekisliklar va tog‘liklarning joylashuvi xuddi shunday ta’sir ko‘rsatganini G‘arbiy Yevropada Rim imperiyasining nisbatan kichik tuzilmalarga parchalanishi misolida ham ko‘rish mumkin. Ularning kichikligi ham pasttekisliklar va qir-adirlarning nisbatan kichik maydonlarda joylashgani bilan izohlanadi.

Ekspansiya yo‘lida to‘siqlar yaratuvchi relyef omillari, agar bu to‘siqlar yengib o‘tilsa ham, samarali mudofaa va yangi hududning avvalgi mulklar bilan muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga halal berishda davom etadi. Chegara hududi xususiyatlarining mudofaa va umuman, tashqi siyosat muammolariga ta’siri keyinroq ko‘rib chiqiladi. Biroq, shu yerda tajovuz tahdididan butunlay holi tarzda samarali boshqaruv muammosiga to‘xtalib o‘tish lozim. Zero, faqat samarali markazlashgan boshqaruv tufayligina katta hudud zaiflik unsuri emas, balki qudrat unsuri bo‘lib namoyon bo‘ladi. Bunday boshqaruv, avvalo, ikki omilga: markaz va chekka hududlar o‘rtasida samarali aloqa tizimining mavjudligiga hamda markazdan qochuvchi separatizm kuchlarining yo‘qligiga yoki ularga samarali qarshi turishga bog‘liqdir. O‘z navbatida, separatistik mayllarga qarshi kurashning eng samarali vositalaridan biri bo‘lgan aloqa tizimini yaratishga davlat hududining shakli va relyefi bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Shubhasiz, davlat hududining eng maqbul shakli ideal doiradan iboratdir. Bunday konfiguratsiya tufayli eng katta maydon eng qisqa chegaralar ichiga joylashadi, bu esa mudofaani osonlashtiradi. Qolaversa, hududning barcha qismlari doira markazida joylashgan hukumatdan bir xil va imkon qadar yaqin masofada bo‘ladi. Cho‘zinchoq va tor shaklga ega bo‘lgan davlatlar – bu, ayniqsa, quruqlikdagi mamlakatlarga xos – muqarrar parchalanishga yuz tutadi. Bu yo hukumatning birlashtiruvchi ta’siri eng kam seziladigan chekka hududlarni yo‘qotish orqali, yo bo‘linish va yangi mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi orqali sodir bo‘ladi. Ushbu tendensiya namoyon bo‘lishiga oid misollarni Shimoliy Afrika va Bolqonning katta qismi ustidan samarali boshqaruvni yo‘qotgan Usmonli imperiyasida topish mumkin. Bu hududlar keyinchalik boshqa davlatlar tomonidan egallangan. Shuningdek, Usmonlilardan avvalgi Arab, Mo‘g‘ul va Makedoniya imperiyalarida ham shu holat kuzatilgan.

Muayyan hudud ustidan markazlashgan nazorat o‘rnatishda relyef shakldan ham muhimroq omil sanaladi. Mamlakat ichidagi aloqalarning qulayligi tog‘ tizmalarining balandligi va konfiguratsiyasi, vodiylarning chuqurligi va kengligi, daryolarning yo‘nalishi hamda iqlimning barcha bu jihatlarga o‘zgaruvchan ta’siriga bog‘liq bo‘ladi. And yoki Skandinaviya yoxud Shveysariya tog‘ tizmalari singari tog‘lar yo‘lni to‘sib qo‘ygan yoki Bolqon yarim orolidagidek landshaftni bir-biridan ajralgan qismlarga bo‘lib tashlagan joylarda aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish uzoq vaqt talab etadi, qimmatga tushadi va muntazam bo‘lmaydi. Mamlakatning ikki qismini botqoqliklar yoki sahrolar ajratib turgan joylarda yo‘l qurish qiyinlashadi. Daryo tizimlari esa bir nuqtada birlashmasdan, parallel oqadigan bo‘lsa, markaziy hukumat uchun qulay aloqa vositasi bo‘la olmaydi va birlashtirishdan ko‘ra, aksincha, bo‘linishga xizmat qiladi.

Mamlakatning aloqa o‘rnatilgan, biroq bu aloqa muntazam bo‘lmagan qismlari ustidan hukumatning nazorati zaif bo‘ladi. Mavjud etnik chegaralanishning asosiy sababi bo‘lgan tog‘larning tarqoqligi Shveysariyaga yaqqol markazsizlashtiruvchi ta’sir ko‘rsatgan va bu ta’sirni daryolar tizimi yanada kuchaytirgan. Bu daryolar tizimining bo‘luvchilik ta’sirida muhim bo‘lgan jihat, albatta, ularning yo‘nalishi emas, balki barcha daryolar mamlakat ichida aloqa tarmog‘ini hosil qilmay, chekka hududlardan xorijga oqib chiqishidir. Bu esa chekka hududlarning o‘z mamlakati markazidan ko‘ra boshqa davlatlar bilan yaqinroq aloqada bo‘lishiga zamin yaratadi. Turli siyosiy sabablarga ko‘ra, Shveysariya misolida bu holat amalda siyosiy bo‘linishga olib kelmadi. Biroq, u Respublikaning o‘ziga xos jihatiga aylangan madaniy, lingvistik va iqtisodiy markazsizlashuvga sabab bo‘ldi. Xuddi shunday bo‘luvchilik ta’siriga ega parallel daryolar hodisasini Germaniyada ham kuzatish mumkin. U yerda Reyn, Vezer, Elba, Oder va Visla daryolari shimoli-g‘arbga tomon parallel oqib, mamlakatni beshta vodiyga bo‘ladi va hukumat o‘zining birlashtiruvchi ta’sirini daryo vodiylari orqali davlatning chekka hududlariga yoyishi mumkin bo‘lgan biror nuqtada birlashmaydi. Xitoy daryolarining kichik havzalarida butun Xitoy tarixiga xos bo‘lgan mayda siyosiy tuzilmalar shakllangan, uchta yirik daryo vodiysi esa siyosiy birlashuvga to‘siq bo‘lgan mintaqaviy separatizmni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelgan. Sibirda esa iqlim relyefning markazsizlashtiruvchi ta’sirini to‘ldiradi: daryolar nafaqat parallel yo‘nalishlarda, balki Arktika tomon oqadi va muz bilan qoplangan bo‘ladi. Temir yo‘llar rivojlanmaguncha Sibirning Rossiya imperiyasining foydali qismiga aylanmagani bejiz emas.

Daryolar, ayniqsa, ilk siyosiy tuzilmalar uchun asosiy birlashtiruvchi omil bo‘lishi mumkin va, albatta, ko‘pincha shunday bo‘lgan. Dastlabki davlatlarning barchasi, istisnosiz, Dajla va Furot, shuningdek, Nil atrofida to‘plangan daryo davlatlari edi. Shimoliy Amerikadagi Fransiya mustamlaka imperiyasi esa Muqaddas Lavrentiy va Missisipi daryolari vodiylarida barpo etilgan. Moskvaning shimoli-g‘arbidan Dnepr janubga – Qora dengizga, Volga sharq va janubga – Kaspiy dengiziga oqadi, Volxov esa shimolga qarab Ladoga ko‘li orqali o‘tib, Fin qo‘ltig‘iga Neva nomi bilan quyiladi. Dneprning Kiyevdan quyiroqdagi ostonalari harakatlanishga to‘sqinlik qilgani sababli, Kiyev hukumat markazi sifatidagi o‘rnini Moskvaga bo‘shatib berdi. Moskva esa Volgaga quyiladigan Oka daryosining irmog‘i bo‘lgan Moskva daryosi bo‘yida joylashgani tufayli o‘zining markazlashtiruvchi ta’sirini Rossiyaning Yevropa qismidagi barcha hududlarga yoya oldi. Xuddi shunday, Parijga tutashgan daryolar tarmog‘i bu shaharni Fransiyaning muqarrar markaziga aylantirib, mamlakatni bevosita Parij atrofida birlashtiradi.

Hukumatlar dastlab tabiiy aloqa yo‘llarini to‘ldirib, relyef to‘siqlarini yengishga urinish orqali hudud ustidan o‘z nazoratini kuchaytirgan. Inklar o‘z imperiyasini yo‘llar bilan birlashtirgan, forslar Sardisdan Suzaga qadar Podshoh yo‘lini qurgan va bu yo‘l taxminan ikki ming yil o‘tib loyihalashtirilgan Berlin-Bag‘dod temir yo‘li bilan deyarli bir xil yo‘nalishda o‘tgan. Xitoylar, fransuzlar va ruslar o‘zlarining buyuk daryolarini kanallar tarmog‘i orqali tutashtirgan, Rim esa imperiyaning olis hududlari bilan yo‘llar vositasida aloqa saqlab turgan, bu yo‘llar shu qadar pishiq qurilgan ediki, ularning ba’zilari bugungi kungacha saqlanib qolgan. Buyuk Karl yo‘llar qurdirgan va Fransiya Qirolligining markazlashuv yo‘lidagi har bir keyingi qadami mamlakat ichidagi aloqa yo‘llarini takomillashtirish bosqichiga to‘g‘ri keladi. Yuz yillik urushdan keyingi o‘zgarishlar davrida Lyudovik XI birinchi pochta xizmatini tashkil etgan bo‘lsa, diniy urushlardan so‘ng boshlangan jadal milliy yuksalishning ilk davrida Syulli (Maksimilyen de Betyun Syulli (1560–1641) – qirol Genrix IV davrida Fransiya hukumati rahbari. – Tarjimon izohi) o‘zining ilk yirik yo‘l tizimini rejalashtirgan.

Temir yo‘llar, shubhasiz, yanada kengroq hududlarning samarali integratsiyalashuviga imkon berdi. Ular rivojlanmasdan avval ziddiyatli hududlarda joylashgan sanoqli davlatlargina hukumat markazidan uch yuz mildan uzoqroqdagi hududlar ustidan nazorat o‘rnata olardi. Shu sababli, yirik davlatlar bu vositadan foydalanib, olis hududlarning iqtisodiy ahamiyati bunday qurilishni oqlashidan ancha oldin strategik va siyosiy maqsadlarda temir yo‘l liniyalarini qurishgan. Fransiya, Germaniya va Rossiyaning temir yo‘llari Parij, Berlin va Moskvadan radius shaklida tarqaladi. Shunday qilib, yirik kontinental davlatlar o‘z temir yo‘l tizimlarini rivojlantirish orqali o‘z yaxlitligini mustahkamladilar. Transkontinental liniyalar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada va Avstraliyani kesib o‘tadi, Transsibir hamda Turkiston-Sibir temir yo‘llari esa Rossiyaning Osiyo qismini markaziy hukumat bevosita nazorat qila oladigan hududga aylantirdi. Xuddi shu yo‘nalishda zaif urinish qilgan Madrid bugungi kunda talabga javob bermaydigan temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘liq xavflarni afsus bilan tan olmoqda.

Haqiqatan ham, temiryo‘llar o‘zlari o‘tgan hudud ustidan nazorat o‘rnatishning eng samarali vositasi sifatida shu qadar muhim ahamiyat kasb etdiki, ularga egalik qilish suverenitetning ramziga aylanib qoldi. “Zamonaviy davlatda transport makoni tizimining asosini avtomobil yo‘llari tarmog‘i emas, balki temiryo‘l tarmog‘i tashkil etadi. U davlat dispetcherlik vazifasini bajaradi. Kimki temiryo‘l tarmog‘ini nazorat qilsa, o‘sha davlatni ham nazorat qiladi. Shu sababli Kayzer Vilgelm Saksoniyaning siyosiy mustaqilligini saqlab qolishni, biroq uning temiryo‘llarini boshqaruvga olishni istagan, bu esa mustaqillikni yo‘qotish degani edi. Polsha o‘z magistral yo‘llari ustidan nazoratni saqlab qolayotgani bois, Dansig haqida erkin mustaqil davlat sifatida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Demak, temiryo‘llarga egalik qilish barcha siyosiy yutuqlardan ustun turadi va aksincha, mamlakatning o‘z kommunikatsiya yo‘llari nazoratdan chiqib ketishi siyosiy mustaqillikning bir qismini yo‘qotishga olib keladi. Temiryo‘llarda berilayotgan barcha imtiyozlar (Xitoyning Rossiyaga Shimoliy Manjuriyada bergani, Turkiya) siyosiy zaiflik va boshlanayotgan parchalanish alomatidir.

Temiryo‘llar va ichki suv yo‘llari rivojlanishi ortidan havo yo‘llari paydo bo‘ldiki, ular hozirda har bir qit’ani qamrab olgan. Garchi ular yuk tashish uchun hali to‘la yaroqli bo‘lmasa-da, markaziy hukumat va mamlakatning olis hududlari o‘rtasida doimiy aloqani ta’minlashning eng mukammal vositasidir. Shu o‘rinda radioning madaniy va mafkuraviy markazlashtirish vositasi sifatidagi samaradorligini ham unutmaslik lozim.

Aksincha, yirik imperiyalarning tanazzuliga ko‘pincha kommunikatsiya tizimiga beparvolik hamroh bo‘lgan. O‘rta asrlardagi Yevropa va Osiyo davlatlari mavjud vositalardan foydalanganu, ularni takomillashtirish yoki rivojlantirish haqida qayg‘urmagan, shu bois hajman kichikligicha qolgan. Xalifalik va Mo‘g‘ullar imperiyasi kabi haqiqatda mavjud bo‘lgan yirik davlatlar esa o‘z hududlarining chekka tumanlari ustidan amalda nazorat o‘rnatolmagan, nomigagina siyosiy birliklar edi. Murakkab kommunikatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarga ega Yangi Turkiya Respublikasi, shubhasiz, o‘zidan oldingi davlat misolidan saboq olgan.

Dengizorti hududlarini integratsiya qilish va saqlab qolishning strategik hamda siyosiy muammosi qo‘shni hududning olis tumanlari haqidagi tasavvurlardan tubdan farq qilsa-da, Britaniya va Ispaniya metropoliyalarining Amerika mustamlakalarini qo‘ldan chiqarishida mavjud kommunikatsiya shakllariga yetarlicha e’tibor qaratilmagani muhim rol o‘ynagani shubhasizdir. “Angliyaga qarshi isyonda Amerika mustamlakalari siyosiy geografiyaning tan olingan qonuniga bo‘ysungan. Ular Yevropaning olis g‘arbiy chegarasini tashkil etgan; ajralib chiqishga moyillik esa barcha chekka mulklarda namoyon bo‘ladi... Shunchaki masofaning o‘zi hukumat nazorati murakkabligini sezilarli darajada oshiradi...”.

Shunday qilib, relyef, iqlim va masofa mamlakat ichidagi kommunikatsiya imkoniyatlarini belgilab beradi va shu tariqa separatizmning avj olish ehtimolini ancha kamaytiradi yoki oshiradi. Tog‘lar yoxud sahrolar bilan ajratib qo‘yilgan yoki daryo vodiysida joylashgani tufayli o‘z mamlakatining boshqa viloyatlaridan ko‘ra xorijiy davlat bilan iqtisodiy hamkorlik qilishga moyil bo‘lgan hududlarda mahalliy manfaatlar va mahalliy siyosatni rivojlantirish hamda markaziy hukumat nazoratidan asta-sekin qutulish tendensiyasi kuzatiladi. Agar regionalizm chekka hududda va etnik tafovutlar bilan birgalikda yuzaga kelmasa, u siyosiy aloqalarning amalda uzilishiga olib kelishi shart emas. XIX – XX asr boshlarida Turkiya va Avstriya imperiyalarining parchalanishiga hamda Markaziy va Sharqiy Yevropada mustaqil davlatlarning tashkil topishiga sabab bo‘lgan regionalizm, garchi relyef etnik aralashuvning oldini olishda ma’lum rol o‘ynagan bo‘lsa-da, relyef bilan ajratilgan hududlardan emas, balki etnik birliklarning mavjudligidan kelib chiqqan. Regionalizm yuqorida qayd etilgan holatlardagidek millatchilikning tajovuzkor shakliga kirganda, u hatto Dunay havzasi davlati sifatida tabiiy-geografik birlik unsuriga ega bo‘lgan Avstriya-Vengriya kabi davlatni ham parchalab yuborishi mumkin.

Separatizm darajasiga yetib bormaydigan mintaqaviylik, shunga qaramay, yagona milliy siyosatni ishlab chiqishda qiyinchiliklar tug‘diradi, zero turli mintaqalarning manfaatlari muqarrar ravishda bir-biriga zid keladi va bunday vaziyatda milliy siyosat ushbu ziddiyatlar o‘rtasidagi murosani ifodalaydi. Mintaqaviylikning paradoksal jihati shundaki, u bir tomondan o‘zi rag‘batlantiradigan tovar ayirboshlash tufayli davlat birligining eng kuchli unsurlaridan biri bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tashqi savdo siyosatida turli mintaqalarning proteksionizm, sotuv bozorlari, xomashyo va kapitalga doir bir-biriga zid talablarini hisobga olishdagi qiyinchiliklar sababli tashqi siyosatda parchalanish unsuriga aylanishi mumkin.

Shunday qilib, mintaqaviylik ko‘plab omillarning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keladigan murakkab hodisa ekani, bu omillar orasida relyef va iqlim ham kam bo‘lmagan ahamiyatga ega ekani ma’lum bo‘ladi. Bugungi kunda mintaqaviylikni, avvalo, relyef va iqlim bilan belgilanadigan iqtisodiy ixtisoslashuv misolida AQSH, Braziliya va Avstraliyada; relyef va mafkura bilan bog‘liq holda Germaniyada, geografik, iqtisodiy, an’anaviy va mafkuraviy ko‘rinishda esa Fransiyada kuzatish mumkin. Hozirgi vaqtda temir yo‘llar, kemasozlik va aviatsiya rivojida namoyon bo‘layotgan texnologik taraqqiyot relyef bilan bog‘liq mintaqaviylikning deyarli barcha unsurlarini yengib o‘tishga va, binobarin, istalgan kattalikdagi hududlarni samarali birlashtirishga imkon bermoqda. Va nihoyat, iqtisodiy mintaqaviylik tashqi siyosatga eng sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Shunday qilib, katta hudud, ayniqsa, qulay iqlim va unumdor tuproq bilan birgalikda, qudratning eng muhim unsuri ekanligi ayon bo‘ladi. Biroq bunday qudrat samarali aloqa tizimini yaratish orqali butun hududda markazlashgan boshqaruv o‘rnatilgandan keyingina haqiqatga aylanishi mumkin. Agar relyef va iqlim kommunikatsiyalarning rivojlanishiga imkon bersa, katta davlatning kuchli davlatga aylanishi tez kechadi. Agar relyef va iqlim to‘siqlar yaratsa, davlat tabiiy g‘ovlarni sun’iy yo‘l bilan yengib o‘tish uchun zarur sarmoya va texnologik ko‘nikmalarga ega bo‘lgunicha kutishiga to‘g‘ri keladi. Shu bois 1914-yilgacha Usmonli imperiyasi, bugun esa Braziliya va Xitoy nega dunyoning eng yirik davlatlari qatorida bo‘lishiga qaramay, hamon ikkinchi darajali davlatlar bo‘lib qolayotgani oydinlashadi. Usmonli hududining salmoqli qismi cho‘ldan iborat bo‘lib, yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakatda tegishli aloqa tizimi va samarali boshqaruv mavjud emas edi. Kommunikatsiya tizimlarining ayni shu yetishmovchiligi, Xitoy misolida esa sanoatning mutlaqo yo‘qligi bilan birga, Braziliya va Xitoyning o‘z ulkan hududlarini amalda birlashtirishiga hamon to‘sqinlik qilmoqda. Katta hudud potentsial qudratni anglatadigan vaziyatdan chiqishning muayyan bir yo‘li bor: G‘arb texnologiyalarining tarqalishi bilan katta hudud, vaqt va hokimiyatga intilish bilan birgalikda, deyarli muqarrar ravishda haqiqiy qudratga aylanadi. Agar Yevropa Konfederatsiyasi haqidagi orzular ro‘yobga chiqmasa, ellik yildan so‘ng jahonning qudratli davlatlari to‘rtligini Xitoy, Hindiston, Qo‘shma Shtatlar va SSSR tashkil etishi ehtimoldan xoli emas.