Maktab koridorida tanaffus paytida turib ko‘ring. Qulog‘ingizga chalinadigan shovqin so‘nggi yillarda o‘zgardi. Baqiriq, yugurish, itarishib o‘ynash kamaydi. Buni tartib o‘rnatildi deb o‘ylash mumkin. Aslida esa yigirmata bola devor tagida bir xil holatda turibdi, boshi egik, barmog‘i ekranda. Bu jimlik intizomdan tug‘ilgan emas.
Men huquqshunos sifatida bunday manzaraga avvalo qoidalar tomonidan qarashga odatlanganman. Va aynan shu yerda kutilmagan narsa ochiladi.
O‘zbekistonda maktablarda telefondan foydalanish Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom orqali tartibga solinadi. Ko‘pchilik uni telefonga ruxsat beradigan yumshoq hujjat deb biladi. Uni o‘qib chiqqan odam esa buning aksini ko‘radi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirishda har bir o‘quvchi telefonini ovozsiz rejimga o‘tkazishi shart (6-band). Dars va tadbirlar boshlanishidan oldin telefon butunlay o‘chirilib, sumkaga solinishi kerak (7-band). Dars vaqtida gaplashish, xabar yozish, telefonni stol ustiga qo‘yish, naushnik orqali musiqa tinglash, o‘yin o‘ynash, suratga olish, hatto Internet va Bluetooth xizmatidan foydalanish ham qat’iyan taqiqlanadi (8-band). Tanaffusda telefondan foydalanishga faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-ona yoki yaqin qarindosh bilan bog‘lanish uchun ruxsat beriladi (9-band), buning uchun ham koridorga chiqib, past ovozda va qisqa gaplashish talab qilinadi (10-band). Har bir pedagog qoidani buzgan o‘quvchidan telefonni olib qo‘yishga haqli (14-band). O‘qituvchining o‘ziga ham dars vaqtida telefondan foydalanish taqiqlangan (12-band).
Qog‘ozda bu deyarli to‘liq taqiq. Unda hatto o‘sha paytlari G‘arbda endigina bahs qilinayotgan talablar ham bor.
Xo‘sh, muammo qayerda?
Muammo shundaki, bu hujjat bugun mavjud bo‘lmagan qurilma haqida yozilgan. Nizom taqiqlarni funksiyalar bo‘yicha sanaydi, ya’ni diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha sifatida foydalanmaslikni buyuradi. Bu 2012-yilning tili. Qaror imzolangan oyda Facebook Instagram’ni endigina sotib olgan, TikTok esa hali umuman yo‘q edi. Hujjatning o‘n sakkiz bandida ijtimoiy tarmoq iborasi bir marta ham uchramaydi. Qonunchilik chalg‘ituvchi narsa sifatida qo‘ng‘iroq, xabar va o‘yinni ko‘rgan. Cheksiz aylanadigan tasmani, bildirishnomalar oqimini, tanani doimiy taqqoslashga majburlaydigan tasvirlarni va ma’qullash iqtisodiyotini ko‘rmagan. Ko‘ra olmasdi ham.
Ikkinchi muammo bundan ham og‘irroq. Qoida bajarilmaydi. Nizomning 18-bandi talablar har yili har bir o‘quvchi va ota-onaga imzo qo‘ydirilgan holda yetkazilishini belgilaydi. Farzandi maktabda o‘qiydigan necha nafar ota-ona shunday hujjatga imzo chekkanini eslaydi? 2023-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 282-sonli buyrug‘i bilan namunaviy odob-axloq qoidalarini yangiladi, ammo u ham o‘sha 139-sonli qarorga havola qiladi.
Bu bizga xos muammo emas. YUNESKOning Global ta’lim monitoringi guruhi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil mart holatiga 114 ta ta’lim tizimi, ya’ni dunyo mamlakatlarining 58 foizi maktablarda mobil telefonga milliy darajada taqiq joriy etgan. 2023-yilning iyunida bu ko‘rsatkich atigi 24 foiz edi. Uch yilda ikki yarim baravar o‘sish ta’lim siyosatida kamdan-kam uchraydi.
Angliya tajribasi huquqiy jihatdan eng ibratlisi, chunki u tavsiyadan majburiyatga qanday o‘tilishini bosqichma-bosqich ko‘rsatadi. 2024-yilda Ta’lim vazirligi maktablarga telefonni butun o‘quv kuni davomida taqiqlashni tavsiya qildi. Ammo bu shunchaki tavsiya edi va direktor u bilan rozi bo‘lmasa, bajarmasligi mumkin edi. 2026-yil boshida vazirlik tahrirni kuchaytirdi, endi har bir maktab telefonsiz muhit bo‘lishi kerak, telefonga ruxsat berish esa qoida emas, istisno hisoblanadi. Shu yilning 29-iyunida bu hujjat parlament qonuni orqali majburiy kuchga kirdi. Bugun Angliyada maktab belgilangan tartibdan chetlansa, buning huquqiy asosini ko‘rsatishi shart, Ofsted esa har bir tekshiruvda siyosat qanday bajarilayotganini baholaydi. Ya’ni bir xil mazmundagi qoidani tavsiyadan majburiyatga aylantirish uchun ikki yil va uchta bosqich kerak bo‘ldi.
Avstraliya esa boshqa yo‘ldan bordi. U muammoni maktab devorlari ichida hal qilishga urinmadi. 2025-yil dekabridan bu davlat 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarning o‘zini yopib qo‘ydi. Ikki mamlakat ikki xil vosita tanlagan bo‘lsa-da, ularning boshlang‘ich nuqtasi bitta. Bolaning diqqati endi maktabning ichki tartib qoidalari darajasidagi masala emas.
O‘tgan sentabrda Nyu-York universiteti tadqiqotchilari Emma Park, Karmen Lim, Zak Raush va Jonatan Haydt so‘nggi o‘n yil ichida shu mavzuda o‘tkazilgan yettita jiddiy tadqiqotni bir joyga to‘plab, ularni o‘zaro qiyosladi. Tadqiqotlarning usuli bir xil. Bir guruh maktab telefonni taqiqlaydi, unga o‘xshash ikkinchi guruh esa taqiqlamaydi, keyin ikkalasida bir necha yil davomida nima o‘zgarganini solishtirib ko‘riladi. Bunday usul oddiy so‘rovnomadan ancha ishonchli, chunki u shunchaki bog‘liqlikni emas, sababni ko‘rsatadi. Yettala tadqiqot Norvegiya, AQSh, Ispaniya, Shvetsiya, Avstraliya va Braziliya maktablarini qamrab olgan.
Natijalar nima dedi? Ko‘pchilik holatda taqiq yo foyda keltirgan, yo sezilarli o‘zgarish bermagan. Zarar keltirgani esa deyarli uchramagan. Faqat bitta ko‘rsatkichda barqaror salbiy natija topilgan. Taqiq joriy etilgan birinchi yilda intizomiy jazolar va darsdan chetlashtirishlar ko‘payib ketgan. Buni tushunish oson, chunki yangi qoidaning birinchi oylarida uni buzadiganlar ko‘p bo‘ladi. Muhimi shundaki, bu to‘lqin ikkinchi yilga borib tinchigan, ayrim maktablarda esa jazolar taqiqdan oldingi darajadan ham pasaygan. O‘quvchilarning kayfiyati va o‘zini his qilishi ham xuddi shu yo‘ldan borgan, ya’ni birinchi yili yomonlashgan, keyin asta tiklanib, uchinchi yilga borib avvalgidan yaxshiroq bo‘lgan.
Menga esa bu tadqiqotdagi eng muhim gap boshqa joyda tuyuldi. Yettita ishdan faqat uchtasi maktabda telefondan foydalanish haqiqatan kamayganini tekshirib ko‘rgan. Qolgan to‘rttasi buni o‘lchamagan, ya’ni taqiq qog‘ozda bor edi, lekin u amalda ishladimi yoki yo‘qmi, noma’lum. Va eng qizig‘i, ijobiy natijalarning aksariyati aynan o‘sha uchta tadqiqotdan chiqqan. Test ballarining o‘sishi ham, davomatning yaxshilanishi ham, jazolarning uzoq muddatda kamayishi ham o‘sha yerda ko‘ringan. Mantiq juda oddiy. Telefon bolaning qo‘lidan haqiqatan ketmasa, taqiqdan foyda kutishning hech qanday asosi yo‘q.
Agar bugun 139-sonli qaror qayta ko‘rilsa, uni shunchaki qattiqroq qilish yetarli bo‘lmaydi. Chunki u allaqachon qattiq. Kerak bo‘lgani boshqa narsa.
Birinchidan, taqiq dars vaqtiga emas, butun o‘quv kuniga aniq yozilishi kerak. Yuqoridagi dalillar shuni ko‘rsatadiki, tanaffusda telefonni qaytarib beradigan rejim amalda ishlamaydi.
Ikkinchidan, normada saqlash mexanizmi bo‘lishi shart. Telefon qayerda turadi, kim javob beradi, kun oxirida qanday qaytariladi. Hozirgi Nizomning 17-bandi maktabni javobgarlikdan ozod qiladi, bu esa har qanday tartibni boshidanoq ishlamas holga keltiradi.
Uchinchidan, ota-onaning farzandi bilan bog‘lana olish ehtiyoji eng jiddiy va eng adolatli e’tiroz hisoblanadi. Uni rad etish emas, maktab kotibiyati orqali hal qilish kerak.
To‘rtinchidan, tibbiy ehtiyoji yoki alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun istisnolar hujjatning o‘zida yozilishi lozim. Aks holda ular amaliyotda o‘zboshimchalik bilan beriladi.
Beshinchidan, birinchi yil og‘ir kechishini normani qabul qiluvchilar oldindan bilib turishi kerak. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, birinchi yildagi qarshilikni ko‘rib siyosatdan voz kechilsa, barcha mehnat behuda ketadi.
Va nihoyat, YUNESKO ta’kidlaganidek, qurilmani olib qo‘yish raqamli savodxonlikni o‘rgatish majburiyatini bekor qilmaydi. Telefonni tortib olib, o‘rniga hech narsa bermaslik tarbiya emas.
Eng muhimi esa o‘lchov masalasi. Agar ertaga yangi qaror qabul qilinsa va uning bajarilishi hech kim tomonidan o‘lchanmasa, biz yana o‘n to‘rt yilga qog‘ozdagi qoida bilan yashaymiz. Bizda muammo normaning yumshoqligida emas, uning mavjud emasdek yashab kelayotganida. O‘n to‘rt yil davomida bajarilmagan qattiq qoida qoida emas, u odat.
Farzandlarimiz dunyoning eng yirik tajribasi ichida o‘sishmoqda va bu tajribaga hech kim rozilik bermagan. Hech bo‘lmasa maktab devorlari ichidagi olti soatni ularga qaytarib bersak, bu kam ish bo‘lmaydi.
Manbalar
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-sonli qarori, ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom. https://www.lex.uz/uz/docs/-2013801
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrug‘i, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari. https://yuristpro.uz/documents/umumiy-orta-talim-muassasasining-odob-axloq-qoidalari/
- UNESCO Global Education Monitoring Report (2026). Phone bans in schools are spreading worldwide as the policy debate rages on. https://www.unesco.org/gem-report/en/articles/phone-bans-schools-are-spreading-worldwide-policy-debate-rages
- UK Department for Education (2026). Mobile phones in schools — statutory guidance. https://www.gov.uk/government/publications/mobile-phones-in-schools/mobile-phones-in-schools
- Park, E., Lim, C. H. J., Rausch, Z., & Haidt, J. (2026). Are school phone restriction policies working? A review of the natural experiments. NYU Stern. https://ssrn.com/abstract=7443619
- Allcott, H., Baron, E. J., Dee, T., Duckworth, A. L., Gentzkow, M., & Jacob, B. (2026). The effects of school phone bans, national evidence from lockable pouches. NBER Working Paper 35132. https://doi.org/10.3386/w35132
- Figlio, D. N., & Özek, U. (2025). The impact of cellphone bans in schools on student outcomes, evidence from Florida. NBER Working Paper 34388. https://doi.org/10.3386/w34388
- Lichand, G., Moreno-Louzada, L., da Costa, T., & Gentzkow, M. (2026). The educational impacts of school phone bans, evidence from Brazil. NBER Working Paper 35233. https://papers.ssrn.com/sol3/papers.cfm?abstract_id=6824971
- Abrahamsson, S. (2026). Smartphone bans, student outcomes, and mental health. Journal of Human Resources. https://doi.org/10.3368/jhr.0224-13403R2
- Beneito, P., & Vicente-Chirivella, Ó. (2022). Banning mobile phones in schools, evidence from regional-level policies in Spain. Applied Economic Analysis, 30(90), 153-175. https://doi.org/10.1108/AEA-05-2021-0112
- Kessel, D., Hardardottir, H. L., & Tyrefors, B. (2020). The impact of banning mobile phones in Swedish secondary schools. Economics of Education Review, 77. https://doi.org/10.1016/j.econedurev.2020.102009
- King, D. L., Radunz, M., Galanis, C. R., Quinney, B., & Wade, T. D. (2024). Evaluating problematic phone use and the social, wellbeing, and academic effects of banning phones in schools. Journal of Behavioral Addictions, 13(4), 913-922. https://doi.org/10.1556/2006.2024.00058
- Beland, L.-P., & Murphy, R. (2016). Ill communication, technology, distraction and student performance. Labour Economics, 41, 61-76. https://doi.org/10.1016/j.labeco.2016.04.004

