Taxminan litseyda birinchi kursligimgacha deyarli kitob o‘qimaganman, ya’ni darsliklardan tashqari, ammo esimda bor 5-sinfni tugatgach yozgi ta’tilda oyim majburlab Abdulla Qodiriyni “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlarini o‘qitganlar va aytib berishimni talab qilganlar. Ishoning bu juda ham og‘riqli bo‘lganligidan haligacha esimdan chiqmaydi, bir amallab hech narsani tushunmasdan bo‘lsa ham o‘qishga harakat qilganman.  Ammo, abituriyentlik davrimda, hozirgi yoshlar kaminaning fikricha abituriyentlikning zahmatli va mashaqqatli davr ekanligini, shu bilan birga o‘ziga xos inson hayotining unutilmas bir davri ekanligini his qilishmasa kerak, o‘sha vaqtda tarix, ona tili va adabiyot hamda ingliz tilidan kurslarga qatnab yurganimda biz bilan birga o‘qiyotgan akani qo‘lida darsliklardan tashqari qo‘shimcha badiiy asar o‘qiyotganini ko‘rib qoldim va so‘radim bu kitob nima haqida ekanligini. 

Shundan so‘ng, kamina ham u badiiy asarlar o‘qishga qiziqib qoldim va kitob do‘koniga borib ( u paytlari bir viloyatda bitta kitob do‘kon bo‘lar edi “Sharq” nashriyotiniki) Ishoqjon Nishonovni “Qora chayon” kitobini sotib olganman.

Abituriyent bo‘lganlar yaxshi bilishadiki, bir kunda 3 ta fandan ham kerak bo‘lsa darsga borishingiz vazifalarini bajarishingizga to‘g‘ri kelar edi va bu ruhiy jihatdan juda zo‘riqtiradigan ish edi. Ushbu zo‘riqishni yengish uchun kechki payt darslarni qilib bo‘lgach badiiy kitob o‘qishni boshlaganman va birinchi tanlagan kitobimni bunda o‘rni juda ahamiyatli bo‘lgan deb o‘ylayman. Agar o‘shanda og‘ir asar tanlab qo‘yganimda butunlay kitob o‘qimasmidim, asar o‘qilishi juda yengil va ajoyib bo‘lganligi uchun tinimsiz tugatmagunimcha o‘qiganman (eng qizig‘i darslarim qolib ketmagan).

Shundan so‘ng doimiy ravishda kitob o‘qishni boshladim.  Hozirga kelib o‘ylab qolaman, bunday kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish aynan nima sabab bo‘lgan ekan deb, kaminaning fikricha yuqorida aytganim, kamina ruhiy zo‘riqish vaqtida o‘zimga ruhiy ozuqa berganim, kaminani doimiy ravishda kitob o‘qishga olib keldi, bundan tashqari ko‘plab kitobsevarlar tomonidan beriladigan tavsiyalar ham borki, bular birinchidan o‘zingni holatingga mos kitobni o‘qishdan boshlash, birinchi navbatda 10 betdan o‘qish, ko‘paytirib yubormaslik, keyinchalik sekin astalik bilan bu sonni oshirib borish va doimiy ravishda o‘qishga harakat qilish.

Kamina uchun eng asosiysi, ruhga ozuqaga muhtoj bo‘lgan vaqtda unga shuni berganim, kaminani kitoblar olamiga sho‘ng‘ishga sabab bo‘lgan.

2022-yildan boshlab esa, o‘qigan kitoblarimni ro‘yxatini yuritishni boshladim, bu ham o‘zgacha zavq berishni boshladi, lekin hozir 2026-yilga kelib, bu ro‘yxatni muntazam yuritmayapman, boisi qaysidir vaqt faqat ro‘yxatni to‘ldirish uchun, son uchun o‘qiyotganimni o‘zimda sezdim. Har bir kitobxon yaxshi biladiki, kitob o‘qishda ham ma’lum bir bosqichlardan o‘tasiz, dastlab qiziqish uchun yoki yoningizda kimdir kitob o‘qigani uchun o‘qiysiz, keyin son uchun (nechta kitob o‘qiding yoki o‘qigansan degan savolga javob berish uchun), kitob reytingiga qarab o‘qiysiz, mashhurlar tavsiya qilgani uchun o‘qiysiz, badiiy asar umuman o‘qiy olmay qolasiz, ilmiy asarlar qiziqtirishni boshlaydi, badiiy asar o‘qisangiz xuddiki vaqtni behuda sovurgandek hissiyot paydo bo‘ladi va hk.

Bularni barchasini boshimdan o‘tkazganman va hozirgi kunda holatimga qarab, kaminaga nima kerak, nimaga javob qidiryapman, yoki nimalarni bilmayman, ishimda, hayotimda shularga qarab kitob tanlab o‘qiydigan bo‘ldik.  Hozirgi kunga kelib, yaxshigina shaxsiy kutubxonam bor, ota-onamni uyida alohida, ofisimda alohida, o‘zimni uyimda alohida.

Kitoblarda bir jumlani o‘qigan edim, agar farzanding kitob o‘qishga qiziqishini xohlasang uni oldida kitob o‘qi deb, ushbu ishni hayotimda tajribamdan o‘tkazib ko‘rdim, bollarimni oldida kitob o‘qidim, ular esa o‘zlari kitob o‘qishga qiziqishdi hamda kitob o‘qib berishimni talab qilishni boshlashdi. Eng qizig‘i o‘z savollariga kitoblardan javob topish mumkinligini anglab yetib kitob olib berishimni so‘rashdi (o‘g‘lim hali 6 yosh va kitob do‘konidan kitoblarni o‘zi tanlagan).

Har qanday ishda ko‘rsatma berishdan ko‘ra, namuna bo‘lish foydaliroq bo‘ladi.