So‘nggi yillarda smartfon va ijtimoiy tarmoqlar deyarli har birimizning hayot tarzimizga aylanib ulgurdi. Ammo bu shunchaki qulaylik emas, balki butunlay yangi xavf maydonini ham yaratganini endi tushunib yetyapmiz. Bugun shaxsiy tasvir shunchaki xotira emas, u osongina nusxalanadigan, saqlanadigan va birgina tugma orqali butun dunyoga tarqatib yuborilishi mumkin bo‘lgan "raqamli aktiv"dir.

Ayniqsa, yigitlar orasida qizlarning rasmlarini yig‘ib, keyinchalik ularni shantaj qilish, qo‘rqitish vositasiga aylantirish holatlari keskin ko‘payib bormoqda. Ko‘pchilik buni alohida "buzuq" yoki tarbiyasiz shaxslarning tasodifiy qilmishi sifatida qabul qiladi va muammoni shunchaki ma’naviyat tanazzuli bilan izohlab qo‘ya qoladi. Biroq, huquqiy va sotsiologik nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu holat uchta yirik omilning kesishmasidan kelib chiqayotgan tizimli inqirozdir. Bular texnologik qulaylik, jamiyatdagi ijtimoiy bosim va huquqiy jazolash mexanizmining zaifligidir.

Texnologik nuqtai nazardan, jinoyat quroli hech qachon bunchalik oson erishiladigan bo‘lmagan. Oldinlari birovning shaxsiy hayotiga daxl qilish, uning suratini ruxsatsiz olish va saqlash uchun qandaydir harakat, hatto jismoniy aralashuv kerak edi. Bugun esa ekranni bir marta bosish, ya'ni skrinshot qilish kifoya.

Yoshlarimiz raqamli texnologiyalarni tez o‘zlashtirgani bilan, ularda raqamli savodxonlik va ma’lumotlar xavfsizligi madaniyati hali to‘la shakllanmagan. Aksariyat qizlar o‘z tasvirini kim bilan, qanday sharoitda baham ko‘rayotganining uzoq muddatli oqibatlarini to‘liq baholay olmaydi. Boshqa tomonda esa, ba’zi yigitlar bu tasvirlarni shunchaki yozishmalar tarixi emas, balki kelajakda qizni o‘z izmiga solish uchun "ta’sir o‘tkazish vositasi" sifatida ongli ravishda arxivlaydi. Tarmoqdagi anonimlik hissi va onlayn makondagi agressiyaning normallashuvi bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda.

Shantaj faqatgina rasm borligi uchun ishlamaydi, u aynan jamiyatning o‘sha rasmga bo‘ladigan reaksiyasi hisobiga yashaydi. Demak ijtimoiy qatlam bu jinoyatning asosiy yoqilg‘isidir.

Bizdagi "or-nomus" va uyat madaniyatida qiz bolaning, ayolning shaxsiy tasviri daxlsizligi nafaqat uning o‘ziga, balki butun oila sharafiga bog‘lab yuborilgan. Jinoyatchi aynan shuni biladi. Uning qo‘lidagi qurol rasmning o‘zi emas, balki qizning jamiyat va oilasi oldida sharmanda bo‘lish qo‘rquvidir. Qizig‘i shundaki, ko‘p hollarda shantajchi qandaydir begona xaker emas, balki qizning sobiq sherigi bo‘lib chiqadi. Munosabatlar tugaganda, tasvir qasos olish yoki qurbon ustidan nazoratni saqlab qolish vositasiga aylanadi.

Buning ustiga, jamiyatimizda "qurbonni ayblash" illati juda kuchli. Agar rasm tarqalib ketsa, ko‘pchilik birinchi navbatda tasvirni g‘arazli maqsadda tarqatgan jinoyatchini emas, nega shunday rasmga tushadi deb qizni ayblashga o'tadi. Oqibatda qurbon yordam so‘rashdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza yozishdan, hatto o‘z ota-onasiga aytishdan ham qo‘rqib yashaydi. Bu mudhish jimlik esa shantajchi uchun ideal muhitdir. U qurbonni qancha ko‘p qo‘rqitsa, shuncha ko‘p narsa - pul, majburiy munosabatlar yoki yangi tasvirlarni talab qila oladi.

Qurbonning ijtimoiy qo‘rquvi huquqiy tizimdagi zaifliklar bilan to‘qnashganda jinoyatchi to‘liq g‘alaba qozonadi. Kiberjinoyatlar, xususan shaxsiy hayotga daxl qilish va raqamli shantaj bo‘yicha xabar berish, raqamli dalillarni to‘plash hamda tergov qilish mexanizmlari amaliyotda ko‘pincha sekin ishlaydi. Qonunchilikdagi ayrim normalar doim ham o‘z vaqtida va qat’iy qo‘llanilmaydi.

Qurbonning jimgina rozi bo‘lishi va huquqiy jazo muqarrarligining pastligi jinoyatchida "jazosizlik sindromi"ni shakllantiradi. Huquq va kriminologiyada bitta o'zgarmas qoida mavjud bo'lib, unga ko'ra jazosiz qolgan harakat tezda ijtimoiy "modelga" aylanadi. Bir marta shantaj orqali maqsadiga erishgan va qamoqdan yoki qattiq jarimadan qutilib qolgan shaxs boshqalarga yomon o‘rnak bo‘ladi va bu xulq-atvor zanjir reaksiyasi kabi takrorlanadi.

Xulosa o‘rnida, shantaj holatlarining ko‘payishiga shunchaki ko‘z yumib, hammasini "yoshlar aynidi" degan yuzaki xulosaga bog‘lash oson, lekin bu muammoni hal qilmaydi. Aslida biz texnologiya taqdim etgan qulaylik, nomus madaniyati yaratgan kuchli psixologik bosim va huquqiy himoyaning zaifligi bir-birini oziqlantirayotgan nuqtada turibmiz. Shantaj qurbon uchun qanchalik qimmatga tushsa, jinoyatchi uchun shunchalik arzon va xavfsiz mashg‘ulotga aylanib qolgan.

Bu zanjirni uzish uchun kompleks yondashuv zarur. Birinchidan, yoshlar orasida haqiqiy raqamli gigiyena va xavfsizlik madaniyatini shakllantirish kerak. Ikkinchidan, ijtimoiy qoliplarni sindirish, qurbonni ayblashni bas qilish lozim. Ayb hech qachon tasvirga tushganda emas, uni g‘araz bilan tarqatganda bo‘ladi. Uchinchidan, huquqshunos sifatida aytishim mumkinki, tasvir orqali zo‘ravonlik qilgan har qanday shaxs huquqiy tizimning eng qattiq, tezkor va murosasiz zarbasini his qilishi shart. Faqatgina jazo muqarrarligi ushbu "raqamli qurol"ni yo‘q qila oladi.