Soʻnggi yillarda sud tizimini moliyalashtirish hajmi izchil oshirilgan, yangi sud binolari qurilayotgan va sud majlislari jadvali elektron shaklda ochiq eʼlon qilinayotgan boʻlsa-da, sudga chaqirilgan fuqaro uchun eng oddiy sanitariya-gigiyena sharoitlari masalasi eʼtibordan chetda qolmoqda.
Masalan, fuqarolik ishi boʻyicha majlisi soat 10:00 ga tayinlangan daʼvogar amalda sudyaning oldingi ishlardan boʻshashini uch-toʻrt soat yoʻlakda kutadi. Shu vaqt ichida unda hojatxonaga ehtiyoj tugʻiladi. Advokatlik amaliyotida kuzatilishicha, koʻplab sud binolarida fuqarolar uchun moʻljallangan hojatxonada qogʻoz, sovun va qoʻl artish vositasi, ayrim hollarda esa suv ham mavjud emas. Holbuki, shu binoning oʻzida xodimlar uchun alohida, qulflanadigan va zarur vositalar bilan taʼminlangan hojatxona ajratilgan. Bunday holatlar ayrim sudlarga xos istisno emas, balki odatiy tartibga aylangan.
Muammoning koʻlamini baholash uchun Oliy sudning jadval.sud.uz elektron tablosidagi maʼlumotlar tahlil qilindi. 2026-yil 16–20-noyabr kunlari uchun jinoyat ishlari boʻlimidagi 219 ta va maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻlimidagi 218 ta sudning barcha majlislari, jami 25 024 ta yozuv oʻrganildi. Tabloning fuqarolik va maʼmuriy sudlar boʻlimi tahlil kuni ochilmagani, iqtisodiy sudlar boʻlimida esa maʼlumot aks etmagani sababli bu toifalar Oliy sudning 2025-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilgan koʻrsatkichlari asosida hisoblandi.
| Ish toifasi | Bir kunda majlislar | Bir kunda chaqirilgan shaxslar | Asos |
|---|---|---|---|
| Jinoyat ishlari | 1 675 | 6 971 | jadval.sud.uz, 16–20-noyabr |
| Maʼmuriy huquqbuzarlik ishlari | 4 162 | 6 378 | jadval.sud.uz, 16–19-noyabr |
| Fuqarolik ishlari | 2 599 | 5 197 | 2025-yilda 649 652 ta ish, har ishga 2 taraf |
| Iqtisodiy ishlar | 2 760 | 2 760 | 2025-yilda 690 mingdan ortiq ish, har ishga 1 vakil |
| Maʼmuriy sud ishlari | 74 | 147 | 2025-yilda 18 400 ta ish, har ishga 2 taraf |
| Jami | 11 270 | 21 453 |
Demak, sudlarga bir ish kunida kamida 21 ming, yiliga esa 5,2 milliondan ortiq tashrif toʻgʻri keladi. Taʼkidlash lozimki, bu quyi chegara: jadvalda advokatlar, guvohlar, tarjimonlar va taraflarning yaqinlari aks etmaydi, hisoblangan toifalarda esa har bir ish yil davomida faqat bir marta koʻriladi deb olingan.
Uzoq kutish tasodif emas, u majlislar jadvalining oʻzidan kelib chiqadi. Har bir sudyaning bir kunlik majlislari vaqt boʻyicha tartiblanib, ketma-ket ikki majlis orasidagi farq hisoblab chiqildi.
| Koʻrsatkich | Maʼmuriy huquqbuzarlik ishlari | Jinoyat ishlari |
|---|---|---|
| Tahlil qilingan majlislar | 16 647 | 8 377 |
| Bir sudyaga bir kunda oʻrtacha majlis | 14,6 | 5,2 |
| Oraligʻi 10 daqiqa va undan kam | 77,6% | 8,2% |
| Oraligʻi 5 daqiqa va undan kam | 41,5% | 5,8% |
| Ikki ish aynan bir vaqtga tayinlangan | 5,4% | 4,9% |
| Bir sudyaga bir kunda 30 va undan koʻp majlis | 12,9% | yoʻq |
| Bir sudyaga bir kunda eng koʻp majlis | 80 | 22 |
Masalan, Qumqoʻrgʻon tumanida 17-noyabr kuni bitta sudyaga soat 09:00 dan 16:28 gacha 80 ta ish tayinlangan, yaʼni tushlik va tanaffuslarsiz har bir ishga 5 daqiqa 40 soniya toʻgʻri keladi. Angren shahrida 18-noyabr kuni bitta sudyaga 78 ta ish belgilangan, ularning 25 tasida ikki ish aynan bir daqiqaga yozilgan. Jinoyat ishlarida 10 daqiqalik oraliqlar kam uchrasa-da, oraliqlarning 51 foizi 30 daqiqadan oshmaydi. Holbuki, guvohlar soʻroq qilinadigan jinoyat ishi bunday muddatda yakunlanmaydi. Shuningdek, barcha majlislarning 45 foizi soat 10:00 dan 12:59 gacha boʻlgan uch soatga, atigi 1 foizi esa 13:00–13:59 oraligʻiga toʻgʻri keladi. Natijada soat 12:00 ga chaqirilgan va navbati kelmagan shaxs tushlikdan keyingi vaqtgacha kutishga majbur boʻladi.
Bunday kutish davomida hojatxonaga ehtiyoj muqarrardir. Rotterdamdagi Erasmus tibbiyot markazi 935 nafar sogʻlom erkak ishtirokida oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, katta yoshli odam kunduzi oʻrtacha 6 marta, har safar 220 ml atrofida siyadi, siydik hosil boʻlish tezligi soatiga 83 ml ni tashkil etadi. Demak, 3 soatda 250 ml, 4 soatda 330 ml yigʻiladi. AQShdagi Loyola universiteti tibbiyot markazining 300 nafar ayol ishtirokidagi kuzatuvida bu koʻrsatkich sutkasiga 8 martani tashkil etgan. Shu bois uch-toʻrt soat kutgan har bir shaxs kamida bir marta hojatxonadan foydalanishi tabiiy holdir.
Sudlarni moddiy-texnika jihatidan taʼminlash esa aniq tartibga solingan. “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga (28.07.2021, OʻRQ-703) muvofiq bu vazifa Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamentiga yuklangan. Departament Prezidentning PF-4966-son Farmoni (21.02.2017) bilan tashkil etilgan, uning nizomi PQ-2872-son qaror (07.04.2017) bilan tasdiqlangan. Nizomning 10-bandiga koʻra, sudlarni moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlashni tashkil etish uchun Departament javob beradi. PF-140-son Farmon (21.08.2025) tahririda Departamentning shtati 91 birlikni tashkil etadi: markaziy apparatda 21 ta, 14 ta hududiy boʻlimda 70 ta.
| Norma | Mazmuni | Tashrif buyuruvchiga taalluqliligi |
|---|---|---|
| PQ-2872, Nizomning 7-bandi | Departamentning asosiy vazifalari: sudlarni taʼminlash, binolarni qurish va taʼmirlash mablagʻlarini oʻzlashtirish, sudyalar va xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilash | Fuqaro tilga olinmagan |
| PF-140, 14-band | Yangi binolarda aholi va sudyalar uchun qulay sharoit yaratishga eʼtibor qaratish | Umumiy ibora, aniq talab yoʻq |
| OʻRQ-1177 (11.09.2026), sharh | Hududiy sudlar mablagʻini Departament taqsimlaydi | Sanitariya xarajati alohida koʻrsatilmagan |
| 0088-25-son SanQvaN (07.04.2025) | Gigiyena vositalariga ehtiyoj meʼyorlari | Faqat taʼlim va tibbiyot muassasalari uchun |
| 0100-25-son SanQvaN (29.07.2025), sharh | Jamoat hojatxonalariga talablar | Sud binolari alohida koʻrsatilmagan |
| FPK 122-moddasi 6-bandi, 221-moddasi | Daʼvogar ikkinchi chaqiruv boʻyicha ham kelmasa, ariza koʻrmasdan qoldiriladi | Chaqiruv paytida zalda boʻlmaslik kelmaslik deb baholanadi |
Jadvaldan koʻrinadiki, amaldagi hujjatlarda sudya, xodim va bino mavjud, sudga chaqirilgan fuqaro esa mavjud emas.
Moliyalashtirish masalasiga kelsak, sud tizimiga respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻ 2022-yildagi 972,1 mlrd soʻmdan (OʻRQ-742) 2026-yilda 1 trln 990 mlrd soʻmga yetgan, yaʼni besh yilda ikki baravar oshgan. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonunda “Oliy sud” satri barcha hududiy, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarini hamda Departamentning oʻzini qamrab oladi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 103-son qarori (26.02.2021) bilan 2021–2025-yillarda 31 ta yangi sud binosi qurishga 453,1 mlrd soʻm, 107 ta binoni rekonstruksiya qilishga 190,8 mlrd soʻm rejalashtirilgan. Sud binolarining umumiy soni ochiq manbalarda eʼlon qilinmagan. Birinchi instansiyada 345 ta sud (199 ta jinoyat, 75 ta fuqarolik, 71 ta iqtisodiy) faoliyat koʻrsatishi hisobga olinib, hisob-kitobda binolar soni shartli ravishda 350 ta deb qabul qilindi. Bunda bitta binoga yiliga oʻrtacha 5,7 mlrd soʻm budjet mablagʻi va kuniga 60 nafar tashrif buyuruvchi toʻgʻri keladi.
Ehtiyojni hisoblashda narxlar xarid.uzex.uz davlat xaridlari portalining elektron doʻkonida 2026-yilda tuzilgan bitimlardan olindi (har bir mahsulot boʻyicha oxirgi 401 ta bitimning medianasi). Sarf meʼyori sifatida har bir tashrif buyuruvchi hojatxonadan bir marta foydalanadi va bunda 2 metr qogʻoz, 1 ml sovun hamda 2 varaq sochiq ishlatadi deb qabul qilindi.
| Vosita | Bir kunda (21 000 kishi) | Bir yilda (250 ish kuni) | Davlat xaridi narxi | Yillik summa |
|---|---|---|---|---|
| Hojatxona qogʻozi (50 metrli rulon) | 840 rulon | 210 000 rulon | 2 200 soʻm | 462,0 mln soʻm |
| Suyuq sovun (5 litrli kanistr) | 21 litr | 5 250 litr | litri 4 200 soʻm | 22,1 mln soʻm |
| Qogʻoz sochiq (200 varaqli qadoq) | 210 qadoq | 52 500 qadoq | 9 800 soʻm | 514,5 mln soʻm |
| Jami | 998,6 mln soʻm |
Taqqoslash uchun: 1 mlrd soʻm sud tizimining 2026-yilgi budjetining 0,05 foizini, yaʼni ikki mingdan bir qismini tashkil etadi. Bitta yangi sud binosining oʻrtacha qiymati (14,6 mlrd soʻm) barcha sudlarni oʻn toʻrt yil davomida gigiyena vositalari bilan taʼminlashga yetadi. Bitta binoga esa yiliga 2,85 mln soʻm, bir ish kuniga 11 400 soʻm, bir tashrif buyuruvchiga 190 soʻm toʻgʻri keladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi muammolarni ajratib koʻrsatish mumkin.
1. Vazifaning belgilanmaganligi. Departament nizomida tashrif buyuruvchilar uchun sanitariya-gigiyena sharoitlarini taʼminlash vazifasi mavjud emas. Belgilanmagan vazifa bajarilmaydi, uning bajarilmagani uchun esa hech kim javob bermaydi.
2. Meʼyorning yoʻqligi. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Toza qoʻllar” dasturi doirasida taʼlim va tibbiyot muassasalari hojatxona qogʻozi, suyuq sovun va antiseptik bilan kafolatli taʼminlanadi, buning uchun 2025-yilda 300 mlrd, 2026-yilda 200 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. 0088-25-son SanQvaN ham aynan shu muassasalar uchun meʼyor belgilaydi. Sudlar va fuqarolarni qabul qiluvchi boshqa davlat organlari bu tartibdan chetda qolgan.
3. Xaridlar amaliyoti. 2026-yil 1-yanvardan 19-noyabrgacha elektron doʻkon va milliy doʻkonda hojatxona qogʻozi boʻyicha tuzilgan 2 903 ta bitimning (5,4 mlrd soʻm) birortasi ham sudlar yoki Departament nomidan emas; sud tizimiga aloqador ikki bitimni Sudyalar oliy maktabi tuzgan. Suyuq sovun boʻyicha 1 891 ta bitimdan 8 tasi Departamentning beshta hududiy boʻlimiga tegishli boʻlib, jami 3,1 mln soʻmni tashkil etadi. Qogʻoz sochiq boʻyicha koʻrilgan 974 ta bitim orasida sud tizimi uchramaydi. Taʼkidlash lozimki, bu vositalar boshqa tasnif kodi, auksion yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma orqali xarid qilinayotgan boʻlishi ham mumkin, biroq amaliyotdagi holat bilan birga olinganda bu maʼlumotlar taʼminotning tizimli yoʻlga qoʻyilmaganidan dalolat beradi.
4. Ikki xil standart. Xodimlar uchun alohida hojatxona mavjud boʻlgani sababli binoga masʼul shaxslar umumiy hojatxonadan foydalanmaydi va undagi holatdan bexabar qoladi. Natijada nazoratning eng oddiy shakli ham ishlamaydi.
5. Jadvalning real emasligi. Bir sudyaga bir kunda 80 tagacha ish tayinlanishi besh daqiqalik oraliqlar faqat qogʻozda mavjudligini koʻrsatadi. Kutish vaqti tartibning oʻzi tomonidan yuzaga keltiriladi.
6. Protsessual oqibat. Sud binosidagi hojatxonadan foydalana olmagan daʼvogar boshqa binoga chiqqan paytda chaqirilsa, u kelmagan deb qayd etiladi. FPKning 221-moddasi va 122-moddasining 6-bandiga koʻra, daʼvogar ikkinchi chaqiruv boʻyicha ham kelmasa va javobgar ishni mazmunan koʻrishni talab qilmasa, ariza koʻrmasdan qoldiriladi. 123-moddaga muvofiq shaxs sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilish huquqiga ega, biroq bu barcha bosqichlarni qayta bosib oʻtishni anglatadi.
| Bosqich | Muddat | FPK moddasi |
|---|---|---|
| Arizani ish yuritishga qabul qilish | 10 kungacha | 192-modda |
| Ishni sud muhokamasiga tayyorlash | 10 kungacha, oʻta murakkab ishlarda 20 kungacha | 202-modda |
| Ishni koʻrish va hal qilish | 1 oygacha, oʻta murakkab ishlarda 2 oygacha | 207-modda |
Demak, yangi ariza berilgan kundan majlis tayinlangunga qadar 20–30 kun, hal qiluv qarori chiqarilgunga qadar esa 50–90 kun oʻtadi. Shuningdek, 123-moddada davlat bojini qaytarish koʻrmasdan qoldirishning ayrim asoslari uchungina nazarda tutilgan boʻlib, kelmaslik bilan bogʻliq asoslar ular qatoriga kirmaydi. Aliment yoki ish haqini undirayotgan shaxs uchun bu huquqni amalga oshirishning bir yarim-uch oyga kechikishini anglatadi.
Takliflar
Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish uchun quyidagilar maqsadga muvofiq deb hisoblanadi.
1. Departament nizomida sudga tashrif buyuruvchilar uchun sanitariya-gigiyena sharoitlarini taʼminlashni alohida vazifa sifatida belgilash va uning ijrosi uchun hududiy boʻlim boshligʻining shaxsiy javobgarligini joriy etish.
2. Oliy sud tomonidan har bir sud binosi uchun eng kam sanitariya standartini tasdiqlash. Standart quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
- fuqarolar uchun ish vaqti davomida ochiq boʻlgan hojatxona va oqar suv;
- hojatxona qogʻozi, suyuq sovun va qoʻl quritish vositasining doimiy mavjudligi;
- nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilgan kabina;
- tozalash jadvalining koʻrinadigan joyda osib qoʻyilishi;
- xodimlar va fuqarolar hojatxonalari uchun yagona taʼminot meʼyori.
3. Sudlar xarajatlar smetasida gigiyena vositalari uchun boshqa maqsadga yoʻnaltirilmaydigan alohida satr ochish va xaridni hududiy boʻlimlar orqali elektron doʻkonda markazlashgan holda amalga oshirish. Hisob-kitoblarga koʻra, buning uchun yiliga 1–2 mlrd soʻm yetarli.
4. Majlislar jadvalini tuzishda ish toifasiga qarab eng kam oraliqni belgilash, bir vaqtga bir nechta ish tayinlashni taqiqlash, elektron tabloda navbatni real vaqtda koʻrsatish va navbat yaqinlashganda ishtirokchiga SMS-xabar yuborishni joriy etish.
5. Sud binosiga kirgani qayd etilgan shaxs chaqiruv paytida zalda boʻlmasa, uni darhol kelmagan deb hisoblashni taqiqlash: kotib uni telefon orqali chaqirishi va kamida 15 daqiqa kutishi shartligini belgilash. Kelmaslik asosida koʻrmasdan qoldirilgan ariza bir oy ichida qayta berilsa, davlat bojini takroran undirmaslik.
6. “Toza qoʻllar” dasturi va 0088-25-son SanQvaN amal qilish doirasini fuqarolarni qabul qiluvchi barcha davlat organlari binolariga, jumladan sud, prokuratura, hokimlik va davlat xizmatlari markazlariga tatbiq etish, har bir sud saytida sanitariya holati toʻgʻrisida oylik hisobot eʼlon qilish majburiyatini belgilash.
Qonunchilikka kiritiladigan oʻzgartirishlar
| Hujjat | Amaldagi tartib | Taklif etilayotgan oʻzgartirish |
|---|---|---|
| PQ-2872, Nizomning 7-bandi | Vazifalar sudlar, sudyalar, xodimlar va binolarga nisbatan belgilangan | “sudga tashrif buyuruvchilar uchun sanitariya-gigiyena sharoitlarini taʼminlash” vazifasini qoʻshish |
| PQ-2872, Nizomning 10-bandi | Departament taʼminotni tashkil etish uchun umumiy javobgar | Eng kam sanitariya standartiga rioya etilishi uchun hududiy boʻlim boshligʻining javobgarligini belgilash |
| FPK 221-modda | Taraf uzrsiz sababga koʻra kelmasa, majlis keyinga qoldiriladi, ikkinchi chaqiruvda ariza koʻrmasdan qoldirilishi mumkin | Sud binosiga kirgani qayd etilgan shaxsni telefon orqali chaqirish va 15 daqiqa kutishdan soʻnggina kelmagan deb hisoblash |
| FPK 123-modda | Davlat boji koʻrmasdan qoldirishning ayrim asoslari boʻyichagina qaytariladi | 122-moddaning 5 va 6-bandlari asosida koʻrmasdan qoldirilgan ariza bir oy ichida qayta berilsa, boj takroran undirilmasligini belgilash |
| 0088-25-son SanQvaN | Meʼyorlar taʼlim va tibbiyot muassasalari uchun belgilangan | Davlat organlari binolariga tashrif buyuruvchilar uchun bir tashrifga hisoblangan meʼyor qoʻshish |
| “Toza qoʻllar” dasturi | Taʼlim va tibbiyot muassasalarini qamraydi | Fuqarolarni qabul qiluvchi davlat organlari binolarini qamrab olish |
Takliflar amalga oshirilsa, sudga chaqirilgan har bir fuqaro eng oddiy sharoit bilan taʼminlanadi, hojatxonaga chiqish oqibatida daʼvoning koʻrmasdan qoldirilishi holatlariga barham beriladi, kutish vaqti qisqaradi va fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchi mustahkamlanadi. Buning uchun qoʻshimcha tuzilma yoki katta mablagʻ talab etilmaydi: Departament va uning 14 ta hududiy boʻlimi mavjud, elektron doʻkon orqali xarid mexanizmi ishlab turibdi, zarur mablagʻ esa sud tizimi budjetining ikki mingdan bir qismini tashkil etadi. Sud binosi davlatning fuqaroga koʻrsatadigan yuzidir, shu bois inson qadri avvalo shu yerda, sud zalining eshigi oldida taʼminlanishi lozim.

