“Geografiya qasosi” bosmaga ketishidan oldin bitta savol meni ancha ushlab turgan edi. Muqovaga nima yozamiz? Kitobning asl muqovasida ostki sarlavha savol tarzida berilgan. “Xarita bizga kelgusi mojarolar va taqdirga qarshi kurash haqida nimalar deydi?” Lekin kitob muharriri Hamid Sodiq boshqa gapni tanladi. “Geografiya taqdir emas, lekin u bilan hisoblashish kerak.”

Nega aynan shu gap — o'shanda o'zim ham aniq aytib berolmasdim. Shunchaki u kitobning ruhini to'g'riroq ifodalayotgandek tuyulgan. Isbotim yo'q edi. Sezgim bor edi.
Isbot bugun keldi. Kaplanning o'zidan.
U Foreign Affairs'da yangi maqola e'lon qildi. Men uni tarjima qildim, keyin bir chetga qo'yib, endi tarjimon emas, o'quvchi sifatida qayta o'qib chiqdim. Va hayron qoldim. Butun umrini xaritaga, geografiya taqdirni belgilashini isbotlashga bag'ishlagan odam bu safar teskarisini aytyapti. Xaritaga ortiqcha ishongan halokatga boradi, deyapti. Ya'ni geografiya taqdir emas. Lekin u bilan hisoblashish kerak.
Ziddiyatmi? Yo'q. Bunga keyinroq qaytamiz. Avval maqolaning o'zagini ochaylik.
Kaplan harbiy tarixchi Jeyms Stoksberining 1988-yildagi bir kuzatuvidan boshlaydi. Demokratiyalar ikki xil urushni yaxshi olib boradi. Juda kichik urushlarni professionallar qiladi, oddiy fuqaro sezmaydi ham. Juda katta urushlarda esa butun jamiyat safarbar bo'ladi, hamma bir jon, bir tan. Oradagi urushlarda esa ular qoqiladi. Chunki bunday urushda kimdir jangga ketadi, kimdir uyda qoladi. Bir oila motam tutadi, qo'shnisi esa hayotini davom ettiraveradi. Ana shu bo'linish jamiyatni ichdan kemiradi.
Muhim bir nuqta bor. O'rta miqyosli urushni Klauzevitsning “cheklangan urushi” bilan aralashtirmaslik kerak. Cheklangan urush oldindan o'ylangan bo'ladi, maqsadi tor. O'rta miqyosli urush esa boshqacha tug'iladi. U kichik bo'lishi ko'zda tutilgan urushdan o'sib chiqadi. Ya'ni uni hech kim rejalashtirmaydi. U rejaning qo'ldan chiqishidan paydo bo'ladi.
Vetnam bir necha oylik maslahatchilar missiyasi sifatida boshlangan edi. Iroq Panama kabi “kirib-chiqiladigan” operatsiya sifatida tasavvur qilingan edi. Ikkalasi ham o'n yillik botqoqqa aylandi. Ikkalasi ham prezidentlik ma'muriyatlarini yemirdi va — eng muhimi — amerikaliklarning o'z hukumatiga ishonchini sindirdi.
Maqolaning menga eng kuchli ta'sir qilgan joyi — “ixtiyoriy urush” va “majburiy urush” degan qulay bo'linishni buzib tashlagani. Iroqdan keyin tahlilchilar shu ikki tushunchani ajratishni yaxshi ko'rib qolishgan. Mana bunisi zarur edi, mana bunisiga o'zimiz bosh suqdik, deyishadi. Kaplan esa sovuqqonlik bilan aytadi. Urush muvaffaqiyatsizlikka uchragunicha majburiydek tuyuladi. Faqat shundan keyingina unga ixtiyoriy urush sifatida qaraladi.
Klauzevitsning maqolada keltirilgan mashhur so'zlari bor. “Urush – bu noaniqlik saltanatidir; urushdagi harakatlar asoslanadigan narsalarning to'rtdan uch qismi kattaroq yoki kichikroq noaniqlik pardasi ortida yashirin bo'ladi”. Sodda qilib aytganda, urushda qarorga asos bo'ladigan ma'lumotlarning ko'p qismi ko'rinmaydi. Rahbar ularni bilmaydi, taxmin qiladi, xolos. Prezident dunyoning narigi chekkasidagi vaziyatni to'liq bilmaydi, ammo qaror qabul qilishi shart. Keyin esa uni tuman ichida emas, tarix kitobida o'tirgan odamlar hukm qiladi.
Advokatlik amaliyotimda men buni kichikroq miqyosda ko'p ko'rganman. Yirik nizolar odatda bitta katta qarordan boshlanmaydi. Ular har biri alohida olganda mantiqli tuyulgan mayda qadamlar zanjiridan o'sib chiqadi. Har bir qadamda ortga qaytish hali mumkin edi. Lekin hech kim qaytmaydi. Chunki qo'yilgan kuch, sarflangan pul, yaralangan g'urur ortga yo'lni tobora qimmatlashtirib boradi. Davlatlar ham xuddi shunday. Eskalatsiya spirali strategiya emas, inersiyadir.
Endi shu ko'z bilan bugungi Eronga qaraylik. Tramp ma'muriyati Eronni havodan va dengizdan urmoqda, lekin quruqlik qo'shinlarini kiritgani yo'q. Kaplan buni to'g'ri qaror deb hisoblaydi. Chunki botqoqqa eng tez tortadigan narsa — quruqlikdagi urush.
Ammo asl xavf boshqa yerda. Deylik, bombardimonlar Eronda hokimiyatni sindirdi va mamlakat anarxiyaga yuz tutdi. Shunda Vashington chetda qarab turolmaydi. Biror tarafni qo'llash uchun avval maxsus kuchlarini yuboradi. Ularning ortidan maslahatchilar boradi. Maslahatchilarni himoya qilish uchun esa qo'shin kerak bo'ladi. Har bir qadam o'zicha kichkina va mantiqli ko'rinadi. Yig'indisi esa urush bo'lib chiqadi.
Vetnam ham xuddi shunday boshlangan. Uning o'rta miqyosli urushga aylanishiga yillar ketgan — Kennedidan Jonsongacha. Hech kim botqoqqa bir kunda botmaydi. Botqoqning dahshati ham shunda. U sekin tortadi.
Kaplanning eng sovuq kuzatuvi ham shu yerda. “Mavjud tartibni ag'darish bilan yangi, ancha bo'ysunuvchan tuzumni o'rnatish o'rtasidagi masofa juda katta bo'lishi mumkin”. Ya'ni rejimni yiqitish texnik masala. Undan keyingi bo'shliqni kim to'ldirishini esa xarita aytmaydi.
Mana endi boshidagi ziddiyatga qaytamiz. Nega geografik determinizmning eng katta ovozi geosiyosatga ortiqcha berilmaslikni maslahat beryapti?
Kaplan bu yerda tarixchi Barbara Takmanning bir fikrini eslatadi. Agar AQSH Vetnamda kattakon geosiyosiy sxemalarga emas, o'sha yerning o'ziga ko'proq qaraganida, natija boshqacha bo'lardi.
Gap nimada? Vashington Vetnamga qarab vetnamliklarni ko'rmadi. U yerda faqat kommunizmga qarshi kurash maydonini ko'rdi. Vetnam millatchiligi esa — xalqni avval fransuzlarga, keyin amerikaliklarga qarshi oyoqqa turg'izgan asosiy kuch bu qarashga sig'madi. Iroqda ham shu xato takrorlandi. Vashington “Yaqin Sharqdagi demokratiya tayanchi”ni ko'rdi, sunniy-shia mazhab ziddiyatini esa ko'rmadi. Keyin mamlakat aynan shu chiziq bo'ylab yorildi.
Qizig'i shundaki, biladiganlar bor edi. Davlat departamentining Xitoy mutaxassislari kommunistlar g'alabasidan bir necha yillar oldin ogohlantirgan. Yaqin Sharq mutaxassislari 2003-yilda Iroqqa kirmang, degan. Ikkalasida ham ularga quloq solinmadi. Sabab esa oddiy. Hudud mutaxassisining bilimi jadvalga sig'maydi. U raqam bermaydi, uni prezentatsiya qilib bo'lmaydi. U faqat bitta gap aytadi. “Bu yerni bilmaysizlar”. Katta kabinetlarda esa bu gap hech qachon yoqmaydi.
Men buni ziddiyat emas, Kaplan metodining to'ldirilishi deb o'qidim. Geografiya qayerda va nega degan savollarga javob beradi. Buyuk kuchlarni qaysi eshiklar vasvasa qilishini, qaysi bo'g'ozlar, qaysi platolar taqdir chizig'ini tortishini xarita ko'rsatadi. Lekin eshik ortida nima borligini, o'sha yerning ko'chasini, tilini, mazhabini, yarador g'ururini xarita hech qachon aytmaydi. O'rta miqyosli urushlar aynan shu ikki bilim orasidagi bo'shliqda tug'iladi. Xaritani bilgan, ko'chani bilmagan davlatning qadamida.
Maqolada yana bir qadimiy motiv bor. Bu — sha'n. Fukidid davlatlarni urushga yetaklaydigan uch kuchni sanagan edi. Qo'rquv, manfaat va or-nomus. Kaplan ulardan eng xavflisini eslatadi. Tahqirlangan g'ururga zo'ravonlik bilan javob berish ishtiyoqi.
2004-yil, Falluja. To'rt amerikalik pudratchi o'ldirilib, jasadlari ko'prikka osib qo'yiladi. Dengiz piyodalari zobitlari shaharni egallashga taktik zarurat yo'q, o'rab olish kifoya, deyishadi. Lekin Vashington boshqacha hal qiladi. Amerikaning sha'ni kamsitildi, demak Fallujaga saboq berish kerak. Natijada o'nlab askar halok bo'ldi, yil oxirida esa yana bir qonli jang keldi. Taktika g'ururga yutqazdi.
Kaplanning xulosasi qisqa va og'ir. Kuch qanchalik katta bo'lsa, u o'zini shunchalik ko'p tiyishi kerak. Eng uzoq yashagan imperiyalar eng ko'p urushganlar emas, urushdan eng ko'p qochganlardir. Vizantiya ochiq jangdan saqlanish uchun qo'lidan kelgan hamma ishni qilib, ming yildan ortiq yashadi.
Bizning shimolimizda esa o'sha formula ayni damda, ko'z o'ngimizda ishlab turibdi. Bu — Rossiya–Ukraina urushi.
2022-yil fevralida Moskva buni urush deb ham atamadi, “maxsus harbiy operatsiya” dedi. Reja bir necha kunga mo'ljallangan edi. Kiyev tez olinadi, hukumat almashtiriladi, dunyo esa tayyor fakt bilan yuzma-yuz qoladi. Xarita bo'yicha hammasi to'g'ri edi. Masofa yaqin, kuchlar nisbati taqqoslab bo'lmas darajada, geografiya Rossiya tomonda.
Lekin xarita bitta narsani aytmagan edi. Ukrain jamiyati bosqinni qanday qarshi olishini. Moskva Ukrainaning tekisliklarini bilardi. Ko'chasini bilmasdi.
Kaplan butun umri xarita chizib, oxirida bir gapni aytadi. Xarita taqdirni ko'rsatadi, ammo taqdirni yozmaydi. Buyuk kuchlarni qaysi eshiklar vasvasa qilishini geografiya aytadi. Eshik ortida nima borligini esa hech qachon aytmaydi.
Endi muqovadagi o'sha gapga qaytsam bo'ladi. Geografiya taqdir emas, lekin u bilan hisoblashish kerak. Gapning ikkala yarmi ham urush maydonida sinovdan o'tgan. Hisoblashmagan qoqiladi. Taqdir deb bilgan botqoqqa botadi.
Xaritani bilgan bilan yetmas ekan. Ko'chani ham bilish kerak. Va ko'pincha butun bir imperiyaning taqdiri aynan shu ikkovi orasidagi masofada hal bo'ladi.
Robert D. Kaplanning “O'rta miqyosli urushlar balosi” (Foreign Affairs) maqolasi asosida. Maqolaning to'liq o'zbekcha tarjimasi blogda e'lon qilingan. Kaplan — “Geografiya qasosi” kitobining muallifi.

