Kecha kechqurun bitta Instagram sahifasining raqamlarini ochib uzoq o’tirdim.
Yetmish to’rt ming ikki yuz obunachi. Yigirma bir yarim million ko’rish. Bitta videoga ikki yuz to’qson uch ming layk.
Bu raqamlarning o’zi meni hayratga solmadi. O’zbekistonda bundan kattaroq sahifalar ham bor.
Meni boshqa narsa to’xtatdi. Bu sahifa beshinchi sinf o’quvchisiga tegishli. O’n ikki yoshlardagi qizga.
Va profilning tepasida bitta qator yozuv turibdi. Reklama uchun telefon raqami.
O’n ikki yoshli bola o’z telefon raqamini butun internetga chiqarib qo’ygan. Va uni tijorat taklifi sifatida taqdim etgan.
Men bu sahifani ochmasligim ham mumkin edi. Lekin shu kunlarda Jonatan Haytning «Behalovat avlod» kitobining beshinchi bobi ustida ishlab yurgan edim. Bunday kitoblarni o’qiyotganda odamda g’alati bir narsa paydo bo’ladi. Siz endi ko’chada, uyda, mehmondorchilikda kitobda yozilgan narsalarni ko’ra boshlaysiz.
Bu sahifa esa kitobning butun bir bobini bitta ekranga sig’dirib qo’yibdi.
Beshinchi bobda ilgak modeli degan narsa tushuntiriladi.
Uni Stenford universitetidagi Bi-Jey Foggning laboratoriyasida ishlagan odamlar ommalashtirgan. Fogg ishontiruvchi texnologiyalar bilan shug’ullanardi. Ya’ni odam xulqini texnologiya orqali qanday o’zgartirish mumkinligi bilan. Uning talabalari keyinchalik Instagramga va boshqa yirik kompaniyalarga ishga kirishdi.
Model to’rt qadamdan iborat. Qo’zg’atuvchi, harakat, o’zgaruvchan rag’bat va sarmoya.
Men buni o’qiganimda nazariya bo’lib tuyulgandi. Kecha esa uning ishlaganini raqamlar bilan ko’rdim.
Boshidan boshlaylik.
Bu qizning sahifasi ikki yil davomida bo’sh yotgan. Doimiy kontent shu yilning mart oyida boshlangan.
Mart, aprel, may, iyun. To’rt oy. Ellik birta video. Va deyarli hech narsa.
Har bir videoga o’rtacha uch ming ikki yuz ko’rish. Ming yarimdan besh minggacha. Bir bolaning to’rt oylik kundalik mehnati shuncha natija bergan.
Bu o’rinda ko’pchilik bola to’xtaydi deb o’ylaysiz. Aksincha bo’ldi.
Iyulning yigirma uchinchi kuni bitta video qirq to’rt ming sakkiz yuz ko’rish oldi. Oldingi rekorddan besh barobar yuqori.
Avgustda qiz bir oyda oltmish yettita video joyladi. Oldingi oylarda to’rttadan yigirma oltitagacha edi. Ya’ni kuniga ikki yarimta.
O’n ikki yoshli bola kuniga ikki yarimta video suratga oldi, montaj qildi va joyladi.
Keyin o’ninchi sentabr keldi. Bir kunda yettita video. O’sha kuni sahifa o’n ikki million yetti yuz ming ko’rish oldi.
Bitta videoning o’zi besh million uch yuz mingga chiqdi.
Sahifaning butun tarixidagi yigirma bir yarim million ko’rishning sakson ikki foizi oxirgi to’rt kunga to’g’ri keladi.
Oylik dinamika. Oxirgi ustun har bir videoga to’g’ri keladigan o’rtacha ko’rishni ko’rsatadi.
Sentabr kunlari. O’ninchi sentabrda bir kunda o’n ikki million yetti yuz ming ko’rish.
Endi bu raqamlarni yonma-yon qo’ying.
To’rt oy davomida bir videoga uch ming ikki yuz. Sentabrda bir videoga besh yuz qirq uch ming.
Bir yuz oltmish sakkiz barobar farq.
Bu farq tasodifiy emas. U shunday bo’lishi kerak edi.
Psixologiyada o’zgaruvchan rag’batlantirish jadvali degan tushuncha bor. Agar kaptarga tugmani bosgan sayin don bersangiz, u tez charchaydi. Agar donni tasodifiy bersangiz, u to’xtovsiz bosadi va uzoq vaqt to’xtamaydi.
Odamda ham xuddi shunday ishlaydi. Biz buni bilamiz. Aynan shuning uchun o’yin avtomatlarini qonun bilan cheklab qo’yganmiz.
Kattalar tasodifiy rag’bat jadvaliga tushganda biz buni qimor deb ataymiz.
Bola tushganda kontent yaratuvchi deb ataymiz va qarsak chalamiz.
Bu qizning miyasi olti oy davomida aniq bir narsani o’rgandi. Natija oldindan bilinmaydi. Bittasi otishi mumkin. Demak hammasini joylash kerak.
U bu xulosani o’zi chiqarmagan. Uni ilgak modeli chiqarib bergan.
Modelning oxirgi qadami sarmoya deb ataladi. Menimcha eng ayyori ham shu.
Foydalanuvchi platformaga o’z mehnatini solganda, ketish narxi oshadi.
Bu bola olti oyda bir yuz sakson ta video ishlab chiqargan. Yetmish to’rt ming obunachi to’plagan. Har kuni ishlagan.
Endi tasavvur qiling. Ota-ona telefonni olib qo’ymoqchi.
Ular telefonni olib qo’yishmaydi. Ular bolaning olti oylik mehnatini, obunachilarini va yangi o’zligini olib qo’yishadi.
Hayt shuni aytadi. Bola tuzoqdan chiqolmaydi, chunki chiqish narxini platformaning o’zi ataylab oshirib qo’ygan.
Bu bolaning holatida esa u narx raqamlar bilan o’lchanadi.
Beshinchi bobda to’rt zarar sanaladi. Ijtimoiy mahrumlik, uyqu mahrumligi, diqqat tarqoqligi va qaramlik.
To’rttasi ham shu sahifada ko’rinadi.
Yetmish to’rt ming obunachi jamoa emas. Ular bir-birini tanimaydi. Bolani tanimaydi. Unga hech narsa qarzdor emas. Ertaga esa yo’q bo’ladi.
Bolaning o’zi esa ikki ming ikki yuz to’qqizta sahifaga obuna. Ya’ni u bir vaqtning o’zida baholanadi va boshqalar bilan taqqoslanadi.
Yetmish to’rt ming odamning ichida unga qo’ng’iroq qilib bugun kayfiyating yo’qroq ekan deydigan bittasi ham yo’q.
Uyqu haqida menda to’g’ridan-to’g’ri ma’lumot yo’q. Buni ochiq aytaman.
Lekin bitta narsani kalendarga qo’ying. O’zbekistonda o’quv yili ikkinchi sentabrda boshlanadi. Portlash o’ninchi sentabrda sodir bo’lgan. O’sha kuni payshanba edi. Oddiy dars kuni.
Bir kunda yettita video. Dars kuni.
Va o’sha kunlarda bitta videoga yigirma yetti ming uch yuzta izoh kelgan. Faqat bittasiga.
Har bir izohni o’qishga uch soniya ketsa, ularni oxirigacha o’qib chiqish uchun yigirma uch soatdan ortiq vaqt kerak bo’ladi.
Bola hammasini o’qimaydi albatta. Lekin savol boshqa. Shunday oqim boshlanganida o’n ikki yoshli bola telefonni qo’yib uxlay oladimi.
Diqqat masalasida esa hammasi ravshan.
Uilyam Jeyms bundan bir yarim asr oldin yozgan edi. Bizning tajribamiz deganimiz, biz e’tibor berishga rozi bo’lgan narsadir.
Bu bolaning e’tibori olti oy davomida bitta narsaga sozlandi. Ko’rishlar soniga.
Nikolas Karr uzluksiz uzilib turadigan diqqat uzoq fokus qobiliyatini yo’qotishini ko’rsatgan edi. Bu tasodifiy zarar emas. Bu mashq natijasi.
Bola olti oy davomida qisqa, tez va uzluksiz almashinuvchi formatda mashq qildi.
Beshinchi sinfda esa undan butunlay boshqa narsa talab qilinadi. Bitta masalani yigirma daqiqa ushlab turish. Uzun matnni oxirigacha o’qish.
Frontal korteks, ya’ni rejalashtirish va impulsni tiyish uchun javob beradigan qism, yigirma besh yoshgacha shakllanishda davom etadi.
Ilgak modeli esa aynan himoyasi eng zaif yoshga tushgan.

Kitobning oltinchi bobi ijtimoiy tarmoq nega qizlarga ko’proq zarar qilishi haqida.
Hayt buni bir necha yo’nalishda asoslaydi. Men ularning har birini shu sahifada ko’rdim.
Birinchisi tashqi ko’rinish.
O’g’il bolalar ko’proq o’yin va video platformalarida o’tiradi. Qizlar esa tasvirga asoslangan platformalarda. Farq platformaning tuzilishida. Instagram yuzni ommaviy reyting ob’ektiga aylantiradi.
Bu bolaning kontenti uy sharoitida telefonga yozilgan oddiy videolar. Ya’ni har bir videoda uning yuzi baholanadi.
Ikki yuz to’qson uch ming layk. Bu ikki yuz to’qson uch ming marta yaxshi degani.
Kattalar ham bunday raqamni ko’tara olmaydi. O’n ikki yoshli bola haqida gapirmasa ham bo’ladi.
Ikkinchisi izohlar.
Hayt bu yerda muhim farqni ko’rsatadi. O’g’il bolalarning tajovuzi ko’proq jismoniy bo’ladi. Qizlarniki esa munosabatlarni buzish orqali ishlaydi. Obro’ni yiqitish. Guruhdan chiqarish. Mish-mish tarqatish.
Ijtimoiy tarmoq bunday tajovuz uchun ideal qurol beradi. Ommaviy, doimiy, anonim va yozib olingan.
Faqat uchta videoning o’zida ellik mingdan ortiq izoh bor.
O’zbek Instagramida izohlar qanday bo’lishini bilamiz. Tashqi ko’rinish haqidagi baholar. Tanasi haqidagi gaplar. Oilasi va tarbiyasi haqidagi hujumlar.
Farqi shundaki, maktabdagi janjal darsdan keyin tugaydi. Ellik ming izoh esa hech qachon tugamaydi. U telefonda yotadi. Uni qayta ochib o’qish mumkin. Uni butun sinf ko’radi. Va u internetda qoladi.
O’n ikki yoshli bolada bunga qarshi turish uchun na tajriba bor, na qurol.
Uchinchisi esa meni eng ko’p o’ylatgani bo’ldi.
Bu bola endi qabul qiluvchi emas. U tarqatuvchiga aylandi.
Yetmish to’rt ming obunachining katta qismi kim? Katta ehtimol bilan o’sha yoshdagi boshqa qizlar.
Ya’ni bitta bolaning muvaffaqiyati minglab boshqa bolalar uchun modelga aylandi. U qildi, men ham qilaman.
Ular ham telefon oladi. Ular ham kuniga ikkita video joylaydi. Ular ham to’rt oy o’lik zonada o’tiradi.
Va ularning aksariyati hech qachon besh million ko’rmaydi. Chunki bu lotereya.
Bu sahifa bitta bolaning hikoyasi emas. U ko’paytirgich.
Endi telefon raqamiga qaytaman. Chunki hammasi shu yerda tugaydi.
O’n ikki yoshli bolaning shaxsiy aloqa kanali yigirma bir million ko’rish auditoriyasiga ochiq qo’yilgan. Uni topish uchun hech qanday ruxsat, hech qanday filtr kerak emas. Xohlagan odam, xohlagan vaqtda, xohlagan niyat bilan yozishi mumkin.
Haytning kitobidagi markaziy fikrni eslang. Biz bolalarni haqiqiy dunyoning kichik xavflaridan olib qochdik va virtual dunyoning katta xavfiga yolg’iz qoldirdik.
Bu bolani ko’chaga yolg’iz chiqarishmasa kerak. Notanish odam bilan gaplashma deb aytishgandir.
Lekin uning telefon raqami butun dunyoga ochiq turibdi.
Ikkinchi qatlam. Raqam reklama so’zi bilan birga turibdi. Ya’ni bu tasodifan qolib ketgan kontakt emas. Bu tijorat taklifi.
Uchinchi qatlam esa eng og’iri.
O’n ikki yoshli bola reklama shartnomasi tuzmaydi. Narx kelishmaydi. Brendning shartlarini o’qimaydi. Buni qiladigan odam kerak.
Demak ikki ehtimoldan biri.
Yo bolaning o’zi notanish kattalarning qo’ng’iroqlarini qabul qilmoqda. Bu holda u har kuni o’ziga nima taklif qilinayotganini baholay olmaydigan muzokaralarga kirmoqda.
Yo bolaning ortida kattalar turibdi. Bu holda uni himoya qilishi kerak bo’lgan odamlar uning obunachilar sonidan daromad olishmoqda.
Ikkalasi ham yaxshi variant emas.
Men bu yerda hech kimni ayblamayman, chunki ortida kim turganini bilmayman. Lekin savolni qo’ymaslikning ham imkoni yo’q.
Yana bir narsa bor.
Bolaning ikkinchi eng yirik videosi uning o’z ishi emas. U besh kishilik hammuallif posti. Avtomobil va sovg’a tarqatish aksiyasi. Obuna bo’lish sharti bilan.
Bu bizda eng keng tarqalgan sun’iy o’sish usuli.
Uning mexanikasiga qarang. Giveaway ilgak modelining sanoat ko’lamidagi shakli. Bunda tasodifiy rag’bat bolaga emas, auditoriyaga beriladi. Minglab odam yutuq ilinjida obuna bo’ladi.
Bolaning sahifasi esa taqsimlash kanaliga aylanadi.
Bunday obunachilar aksiya tugagach ketib qoladi. Bu ham ma’lum.
Ya’ni yetmish to’rt ming raqamining bir qismi sotib olingan e’tibor.
Bola buni bilmaydi. U buni o’z mehnatining natijasi deb qabul qiladi. Obunachilar tushib ketganda esa buni o’zining muvaffaqiyatsizligi deb his qiladi.
Aksiyani tashkil qilganlar kattalar. Pulni qo’yganlar kattalar. Foydani olganlar ham kattalar.
Bolaning ulushi esa auditoriya va xavf.
Men bu matnni yozarkan bir necha marta to’xtadim.
Chunki bu bolaning aybi emas.
Bu yerda o’n ikki yoshli qizning irodasi bir tomonda turibdi. Ikkinchi tomonda esa dunyodagi eng kuchli muhandislik jamoalari, Foggning laboratoriyasidan chiqqan metodologiya va milliard dollarlik motivatsiya turibdi.
Bu teng kurash emas. U hech qachon teng bo’lmagan.
Ota-onani ayblash ham oson yo’l. Lekin men ota-onalarni ko’rib turibman. Ular telefonni bolaning qo’liga bergan kunlari zarar yetkazishni o’ylashmagan. Ular hamma bolada bor deb o’ylashgan.
Va aslida to’g’ri o’ylashgan. Muammo aynan shunda. Bu individual qaror emas, kollektiv tuzoq. Bitta oila qoida qo’ysa, bola jazolanadi. Bir necha oila kelishib qoida qo’ysa, bola ozod bo’ladi.
Shuning uchun ayblovni to’g’ri manzilga yuborish kerak. Bolaga emas. Ota-onaga ham emas.
Mahsulotni shunday loyihalaganlarga va uni bolalardan uzoqlashtirishni kechiktirgan barchamizga.
Men bilmagan narsalarni ham aytib qo’yay.
Bu bolaning uyqusi haqida hech narsa bilmayman. Ruhiy holati haqida ham. Uning ortida kim turganini ham.
Faqat platformaning tuzilishi qanday ishlashini va bu tuzilish qanday raqamlar qoldirganini bilaman.
Lekin menga bitta narsa yetarli bo’ldi.
Bu sahifaga bugun yetmish to’rt ming odam qarab turibdi. Ularning orasida minglab qizlar bor.
Va ular buni zarar deb emas, maqsad deb ko’rmoqda.
Keyingisi kim bo’ladi.
Masala shunda.

