Magistraturada siyosatshunoslik va siyosiy tahlil yoʻnalishida oʻqigan davrlarimda menda bir narsa doimo yetishmay turardi. Geosiyosat fanini oʻqirdim, atamalarni yodlardim, xaritalarga soatlab tikilardim, biroq fanning oʻziga kira olmasdim. Tashqarida turardim. Ustozim buni mendan koʻra aniqroq aytib bergan edi: “Sen hali basseynga shoʻngʻiyolmayapsan. Suv chetida turib suvga qarayapsan, xolos.”
Oʻsha gap meni anchagacha tark etmadi. Chunki rost edi. Geosiyosatni bilardim, ammo uni his qila olmasdim. Voqealar zamiridagi koʻrinmas iplarni, ya`ni nega bir davlat shu yerda, shunday yoʻl tutadi-yu, ikkinchisi butunlay boshqacha yoʻldan boradi ilgʻab ololmasdim.
Aynan oʻsha paytda ustozim menga bir kitobni Robert Kaplanning “Geografiya qasosi” asarini tavsiya qildi.
Kitobni oʻqiy boshlaganimda nimadir oʻzgardi. Birinchi marta basseynga chin maʼnoda shoʻngʻiganimni his qildim. Xarita endi men uchun shunchaki chegaralar va ranglardan iborat emasdi — u taqdirning oʻzi edi. Togʻlar, daryolar, dengiz qirgʻoqlari, choʻllar... ularning har biri menga bir xalq nega aynan shu yerda qaror topganini, shu zamindan turib qanday fikrlashga majbur ekanini soʻzlab turardi.
Lekin qiziq joyi shundaki, kitob endigina koʻzimni ocha boshlagan payt oʻqish muddatim nihoyasiga yetdi. Diplom topshirildi, magistratura ortda qoldi. Hammasi tugaganday edi, ammo bu kitob meni tinch qoʻymasdi. Har safar dunyodagi voqealarni kuzatganimda geografiyaning o`rnini shunchaki inkor qilib bo`lmasligini, har bir xalqaro munosabat hamda geosiyosiy jarayonlarning markaziy nuqtasida xaritalar turishini anglar edim.
2022-yildan soʻng xalqaro maydonda shunday voqealar yuz bera boshladiki, ularni hech kim oldindan aniq aytib berolmasdi. Tahlilchilar, siyosatshunoslar, ekspertlar har biri oʻz nuqtasidan turib fikr bildirardi. Efirlar, sahifalar, kanallar mulohazaga toʻlib ketdi. Lekin men oʻsha gaplarning koʻpchiligidan bir narsani — eng asosiy narsani topa olmadim.
Geografiyani.
Koʻpchilik voqeani sabab-oqibat, mafkura, shaxslar, iqtisod orqali tushuntirardi. Bularning bari kerak, albatta. Ammo davlat nega aynan shu yoʻnalishda harakatlanishini, nega bir kuch dengizga, ikkinchisi quruqlikka intilishini, nega ayrim chegaralar yuz yillab oʻzgarmasdan turishini — buni togʻ, daryo va dengizsiz tushuntirib boʻlmasdi. Mana shunda Kaplanning kitobi yana qaytib keldi va menga bitta narsani aniq aytdi: bu asarni hamma oʻqishi kerak.
Oʻqiganda ham — aynan oʻzbek tilida.
Kaplan tasodifan tanlangan muallif emas. U yillar davomida “Stratfor” tahliliy kompaniyasining bosh geosiyosiy tahlilchisi boʻlib ishlagan, 2011-yilda “Foreign Policy” jurnali uni dunyoning eng nufuzli yuz mutafakkiridan biri deb tan olgan. “Geografiya qasosi” esa 2012-yilda Foreign Policy Association tomonidan yilning eng yaxshi xalqaro munosabatlar kitoblaridan biri deb eʼtirof etilgan.
Lekin kitobning qadri unvonlarida emas. Uning qadri — uslubida.
Kaplan oddiy bir narsani aytadi, lekin uni hech kim shunday qilib aytmagan edi: davlatlarning yuksalishi va inqirozini tushunmoqchi boʻlsang, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy kuchlar bilan bir qatorda geografiyani ham xuddi shunchalik jiddiy oʻrganishing shart. Kuchni xarita orqali oʻqish mumkin. Munozaralar, mafkuralar, liderlar oʻzgaradi, togʻ joyidan qoʻzgʻalmaydi.
U buni mavhum gapirmaydi. Eron haqidagi bobda koʻrsatadiki, chegaralar qanchalik sunʼiy boʻlmasin, fors xalqining ming yillardan beri Eron platosida yashab kelgani bu davlatga Yaqin Sharq va Afrikadagi koʻplab mamlakatlarda uchramaydigan ichki yaxlitlik va barqarorlik beradi. Polsha haqida yozarkan, uni XXI asrning “pivot” — burilish nuqtasiga aylanayotgan davlat sifatida koʻrsatadi: Germaniya bilan Rossiya orasida asrlar davomida tebranib kelgan, ammo oʻz boyliklari evaziga endi hisoblashishga toʻgʻri keladigan kuchga aylanayotgan mamlakat.
Mana shu yerda kitobning ildizlari ochiladi. Kaplan oʻzidan oldingi geosiyosatning ikki klassik maktabini bugungi kun bilan bogʻlab beradi.
Birinchisi — Halford Makkinder. U 1904-yilda “Tarixning geografik oʻqi” maqolasi bilan dunyoga aytdiki, Yevroosiyoning ichki ulkan massivi — “Yurakzamin” (Heartland) — jahon hokimiyatining kalitidir. Uning mashhur formulasi shunday yangraydi:
Sharqiy Yevropaga hukmronlik qilgan Yurakzaminni boshqaradi; Yurakzaminni boshqargan Jahon-Orolini boshqaradi; Jahon-Orolini boshqargan butun dunyoni boshqaradi.
Ikkinchisi — Nikolas Spaykmen. U Makkinderga eʼtiroz bildirib, asosiy kuch ichki massivda emas, balki uni oʻrab turgan qirgʻoq halqasida — “Rimland”da ekanini aytdi:
Rimlandni nazorat qilgan Yevroosiyoni boshqaradi; Yevroosiyoni boshqargan dunyo taqdirini hal qiladi.
Kaplan umuman geografik determinizm anʼanasini muzeyga qoʻyilgan eski nazariya sifatida emas, balki bugungi xaritada ishlab turgan kuch sifatida koʻrsatadi. Uning sarlavhasidagi “qasos” soʻzining maʼnosi ham shunda. Sovuq urush tugagach, koʻpchilik geografiya oʻz ahamiyatini yoʻqotdi, gʻoyalar va texnologiya masofani oʻchirdi, deb oʻyladi. Kaplanning fikricha, geografiya hech qayoqqa ketmagan. U faqat sabr bilan kutgan va oʻzini unutganlardan oʻchini olyapti.
Shu bilan birga kitob bizni soddalashtirishdan ham ogohlantiradi. “Geografiya qasosi” — geografiya bizning taqdirimizni butunlay belgilab qoʻyadi, degan qatʼiy hukm emas. Aksincha, Kaplanning kichik sarlavhasi buni ataylab aytadi: bu taqdirga qarshi kurash haqidagi kitob. Geografiya bizga maydonni beradi, qoidalarni emas, chegaralarni belgilaydi, qarorni emas. Aqlli davlat arbobi — geografiyani inkor etgan emas, balki uni tan olgan holda oʻz yoʻlini topa olgan kishidir.
Menga butun magistratura davomida yetishmagan narsa aynan shu fikrlash usuli edi. Geografiyani hisobga olmasdan turib geosiyosatda na toʻgʻri tahlil, na toʻgʻri qaror boʻlishi mumkin emas, buni menga aynan shu kitob uqtirdi.
Endi eng asosiy savolga kelaman: nega buni tarjima qildim?
Chunki biz Kaplanning kitobini chetdan turib oʻqimaymiz. Biz uning sahifalaridagi xaritaning ichida yashaymiz. Makkinder “Yurakzamin” deb atagan oʻsha ulkan ichki massiv — bu biz turgan joy. Dengizga chiqishi yoʻq, atrofi quruqlik bilan oʻralgan, buyuk kuchlar oraligʻida joylashgan oʻlka — bu bizning kundalik geografik haqiqatimiz. Boshqa xalqlar uchun “Geografiya qasosi” qiziqarli nazariya boʻlishi mumkin. Biz uchun esa u — koʻzguda oʻzimizni koʻrish.
Shu sababli men kitobning oʻzbekcha boʻlishini shunchaki istamadim, balki zarur deb bildim. Geosiyosatni tushunish endi faqat diplomatlar yoki ekspertlarning ishi emas. Bu oʻz mamlakatining dunyodagi oʻrnini anglashni istagan har bir oʻquvchining haqqi. Va bu haq begona tilning gʻovi orqasida qolib ketmasligi kerak. Fundamental asar oʻz xalqi tilida boʻlmasa, u xalqning fikrlashiga aylanmaydi, qayergadir, kimningdir kitob javonida qolib ketadi.
Men oʻsha gʻovni bir parcha boʻlsa-da olib tashlamoqchi edim.
Tarjimani boshlaganimda oʻzimga bir narsani aytgan edim: bu kitobni faqat tarjima qilmayman, uni oʻzbek oʻquvchisiga topshiraman. Ustozim meni qachonlardir basseynga shoʻngʻishga undagandek, men ham kimnidir oʻsha suvga undamoqchiman.
Bugun “Geografiya qasosi” nashrga tayyor.
Va ishonamanki, bu kitobni qoʻlга olib, xaritaga ilk bor chegaralar emas, taqdir koʻzi bilan boqqan har bir oʻquvchi men oʻshanda his qilgan, geosiyosat chetda turib qaraladigan suv emas, ichiga shoʻngʻib kiriladigan basseyn ekanini his qiladi.
Geografiya hech narsani unutmaydi. Endi navbat — uni oʻrganishga.

